Prezident saylovigacha sanoqli soatlar qolar ekan, saylovdan soʻng nimalar oʻzgarishi koʻpchilikni qiziqtiradi. Ayniqsa, birinchi boʻlib hukumatda, yuqori lavozimdagi kadrlar borasida katta oʻzgarishlar yuz berishi tabiiy. Chunki, taomilga koʻra, prezident saylansa yoki qayta saylansa hukumat isteʼfo beradi, prezident bosh vazirni tayinlaydi va bosh vazir esa oʻz navbatida yangi mahkama aʼzolarini taqdim etadi.
Hozircha beshta partiyadan prezidentlikka nomzodlar oʻz saylovoldi targʻibotlari bilan mashgʻul ekan, yangi hukumat tarkibi qanday koʻrinish olishini taxmin qilish foydadan xoli boʻlmaydi.
Va shundan kelib chiqib, ehtimol keyingi oʻzgarishlarni ham bir oz taxmin qilarmiz. Ammo saylovda hali kim gʻolib boʻlishi nomaʼlum ekan, taxminimizni amaldagi prezident, hozirgi hukmron partiyadan nomzod Shavkat Mirziyoyev gʻalaba qozonsa, hozirgi hukumat tarkibi qanday boʻlishiga qaratamiz.
Zero qolgan boshqa toʻrtta nomzodning oʻz dasturi va qarashlari boʻlib, ular gʻalaba qozonishsa, yangi hukumat koʻrinishi qanchalik oʻzgarishini hozircha tasavvur qilishimiz qiyin. Yoki jahon tajribasida boʻlganidek bizdagi prezidentlikka nomzodlar gʻolib boʻlsa kimlarni hukumat tarkibiga qoʻymoqchi ekani xususida hamon lom-mim degani yoʻq. Skeptiklar, bu soʻzlarga jilmayib qoʻyishlari mumkin. Ammo bir ibora-qoida bor, ehtimol bu barcha nomzodlar uchundir:
«Agar siz taslim boʻlishga tayyor ekansiz, demak siz muvaffaqiyatga taxmin qilganingizdan koʻra yaqinroqsiz»
Demak, hozircha prezidentlik uchun kurash avjida ekan, biz yuqoridagi maqsadimizga qaytamiz. Lekin shuni boshidan aytib oʻtish joizki, juda ham katta oʻzgarishlarni kutishga toʻgʻri kelmaydi. Chunki, 5 yil ichida kadrlar chertib-chertib olindi, baʼzi lavozimlarda sinab koʻrildi, almashtirildi…
Natijada prezident oʻzi koʻzlayotgan islohotlar amalga oshirilishini taʼminlaydigan komandani yigʻib oldi, deyish mumkin. Juzʼiy oʻzgarishlar boʻlishini esa istisno qilmaymiz, xolos.
Koʻpchilikni, masalan, koʻproq Bosh vazir kim boʻlishi qiziqtiradi. Xoʻsh, Shavkat Mirziyoyev qayta saylangach, Bosh vazirlikka kimni loyiq koʻradi? Hozirgi Bosh vazir Abdulla Aripov, oʻz lavozimida qoladimi yoki yoʻqmi?
Odatda Prezidentning mamlakatdagi faoliyati davomida va chet el safarlaridagi eng birinchi shaxslar sifatida hukumat aʼzolaridan Abdullar Aripov va uning birinchi oʻrinbosari Achilboy Ramatovni koʻramiz.
Yangi hukmatni tuzish vazifasi Ochilboy Ramatovga topshirilishi mumkinmi? Bizning taxminlarga koʻra, Ramatovning birinchi oʻrinbosar sifatida ish boshlaganiga hali koʻp boʻlgani yoʻq va yangi hukumat tarkibida ham u ayni shu lavozimida qoladi. Bosh vazirlikka yana katta ehtimol bilan Abdulla Aripov nomzodi koʻrsatiladi. Zero, Oʻzbekistonda mamlakatni, iqtisodiyotni raqamlashtirish, axborot-texnologiyalari sohasini rivojlantirish borasida katta loyihalar borki, aynicha, hozirgi Bosh vazirning qayta tayinlanishi oʻylangan ishlarning oxirigacha yetkazilishiga olib keladi. Hozircha Aripov-Ramatov tandemi saqlanib qoladi.
Bosh vazirning qolgan oʻrinbosarlari orasidan Jamshid Qoʻchqorov va Aziz Abduhakimov borasida taxminlar esa 50/50 ni koʻrsatmoqda. Moliya-bank, moliya-iqtisodiyot, kambagʻallikni qisqartish, turizm va sport sohalari boʻyicha yangi oʻzgarishlar boʻlishi mumkin. Birinchi oʻrinbosar portfeli vazir portfeliga yoki aksincha boʻladigan boʻlsa, rahbariyatdagi birinchi almashishlar shu yerda namoyon boʻladi.
Hukumatda qolgan 22 ta vazirlik boʻyicha vazirlar portfellari qayta taqsimlanishi yoki oʻz lavozimlarida qolishlari masalasiga kelsak, bu uncha ahamiyatli emas. Bu yerda faqat bir nechta jihatni qarab oʻtish lozim.
Shu yilning kuzida janubiy qoʻshnimiz Afgʻonistonda hukumat butunlay almashgani va hokimiyatga «tolibonlar» kelgani, mamlakatning Afgʻoniston Islom Amirligi nomini olgani, chegaralarimizda maʼlum bir notinchliklar boʻlib oʻtganini esdan chiqarmasligimiz zarur.
Hozir aynan oʻzbek diplomatiyasi mazkur mamlakat bilan tinch muzokalar yoʻlidan boradi va Afgʻonistonga gumanitar yordam qoʻlini choʻzishga harakat qildi. «Tolibon» hukumat tomonidan turli kafolatlar olinmoqda. Shu bois Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mazkur munosabatlarning har tomonlama oʻzaro ishonchli zaminga asolangan holda davom etishi uchun kerak boʻladi.
Xavfsizlik va mudofaaga taalluqli hozirgi rahbariyat va vazirlar ham yuzaga kelgan murakkab vaziyatda hukumat tarkibida qolishadi.
«Shamol yoʻnalishini oʻzgartirishga bizning kuchimiz yetmaydi, ammo biz yelkan holatini oʻzgartirishimiz mumkin».
Shu yerda qisqacha lirik chekinish qilamiz yoki baʼzi narsalarga eʼtiborni qaratamiz.
Amaldagi prezident besh yil oldin Oʻzbekiston yangilanish va islohotlarga yuz tutganini eʼlon qilgandan soʻng, oʻtgan davr mobaynida yangiliklar shunchalar koʻp boʻldiki, biz hayotimizni butunlay oʻzgartirgan narsalarni unutib qoʻydik. Ularga oddiy hol sifatida qaray boshladik va shu sabab ular oldimizda baʼzan qadrini yoʻqotgandek. Aslida buni tan olish lozimki, 5-10 yil oldin xayolimizga ham keltirmasdik yoki Oʻzbekistonda boʻlishiga ishonmasdik.
Oddiy kundalik ikir-chikirlarimizdan tortib, boshqa baʼzi narsalar juda tez yuz berdi. Shunchaki atrofga qarab oʻzingiz baho berib koʻrishingiz mumkin. Shu bilan birga, har qanday dambani qoʻyib yuborilsa, tiniguncha, oʻzi bilan loyqalarni ham olib keladi. Shu bois jamiyatda bugun uchrayotgan baʼzi illatlar, kamchilik bilan prezidentlik saylovidan soʻng kurashga qattiq kirishiladi, baʼzi bir murvatlar qattiqroq buralishi kutilmoqda. Bu ham tabiiy. Endi orqaga yoʻl yoʻq.
«Oʻz mehnati natijalarini darhol koʻrishni istagan odam etikdoʻz boʻlishi kerak.»
Albert Eynshteyn
Gohida baʼzi bir narsalarni aniqroq koʻrish uchun undan uzoqlashish kerak boʻladi. Demak, oldimizda vaqt bor. Har qanday holatda, Oʻzbekiston hozirgi islohotlar yoʻlidan ogʻishmaydi.
Ilgarilari hukumat tarkibidagi vazirlarni xalqimiz qariyb tanimas edi. Hozir aksariyat vazirlar xalq ichida va ijtimoiy tarmoqlarda mashhur, muloqotga chiqishadi. Baʼzan ijobiy va hatto baʼzan salbiy munosabatlarga ham duch kelishyapti. Shulardan, adliya vaziri Ruslanbek Davletov, sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov, xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov, maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, energetika vaziri Alisher Sultonov va boshqalarni sanab oʻtish mumkin. Bular safiga bu safar kimlar qoʻshilishini koʻp oʻtmay bilib olamiz.
Aviatsiyada uchish-qoʻnish paytida samolyotning chetga ogʻishi burchagi boʻladi. Nol daraja standart burchak. Mamlakat ham xuddi shunday. Shuning uchun saylovdan hukumat tarkibida sensatsiya boʻlishni istayotganlarga bitta narsani shipshitish mumkin: istaymizmi yoʻqmi, asosiy maqsad – Oʻzbekiston kelajagi va uning manfaatlari. Bu maqsadga esa faqat birlashib erishiladi. Ehtimol, navbatdagi hukumat tarkibidan hozirgi prezidentlikka nomzodlardan baʼzilari oʻrin olib qolsa ham hayratlanmang.
Asadulla JOʻRAYEV,
jurnalist