Sal avval 5 ta hududda mahalliy byudjetning zaxira mablagʻini sarflashda Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari roziligi soʻralmagani, aniqroq aytganda, pul hokim farmoyishi bilan ishlatib boʻlinib, keyin nomiga ruxsat olingani haqida xabar tarqalgandi. Gap Gʻuzor (3 mlrd. 651 mln. soʻm), Mirishkor (1 mlrd. 576 mln. soʻm), Kasbi (830,5 mln. soʻm), Chiroqchi (324 mln. soʻm) tumanlari va Qarshi (3 mlrd. 512,9 mln. soʻm) shahri haqida bormoqda. Bu holat Oliy Majlis Senati shu yil sentyabr oyida oʻtkazgan oʻrganish natijasida aniqlangan.
Ahamiyatlisi, Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashida bu masala alohida koʻrib chiqilgan. Kengashning 26 oktyabr sanasidagi qaroridan shu narsa anglashiladi. Hujjat avvalida viloyatda iqtisodiy sohadagi oʻsish tilga olingan, masalan, hududiy yalpi mahsulot hajmi oshgani, byudjetga tushum koʻpaygani va hokazo. Ammo asosiy masala boshqa boʻlgani holda bular nega eslangani tushunarsiz.
Maqsadga oʻtsak. Xullas, yuqorida nomlari zikr qilingan hududlarda byudjetning oshirib bajarilgan daromadlari hisobidan (nima boʻlganda ham bu xalq puli) tegishli mablagʻlar avval hokim farmoyishi bilan sarflab yuborilgan. Soʻngra esdan chiqqan rasm-rusumni ham bajarib qoʻyish uchun vaqt oʻtib mahalliy kengashga «masala» qoʻyilgan. Balki deputatlar hokim koʻzda tutgan maqsadlarga mablagʻ sarflashga rozilik bermasligi ham mumkinmidi?! Tagʻin kim bilsin.
Xalq deputatlari viloyat Kengashi bu vaziyatda qanday qaror chiqargani bizga koʻproq qiziq. Hisoboti sessiya kun tartibidagi masalaga toʻliq mos kelmagani va kamchiliklarga yoʻl qoʻygani uchun mazkur hududlar hokimlarning birinchi oʻrinbosarlari (eʼtibor bering, oʻzboshimchalik bilan pul sarflashga farmoyish bergan hokim emas, balki birinchi oʻrinbosar) (Qarshi shahri – J.Rahmonqulov, Gʻuzor tumani – L.Xudoyqulov, Mirishkor tumani – A.Sariqov , Kasbi tumani – M.Joʻrayev, Chiroqchi tumani – E.Boboqulov) oxirgi marta ogohlantirilgan. Ularning ishda qolish-qolmasligi masalasini koʻrib chiqish ham belgilangan.
Yana shuningdek, Kasbi tumani hokimining birinchi oʻrinbosari M.Joʻrayevga «Hayfsan» intizomiy jazo chorasi qoʻllash boʻyicha taklif berish soʻralgan. Demak, boshqalar faqat «ogohlantirish» bilan qutulgan. Qani bu yerda mantiq?
Boz ustiga tabiiy bir savol tugʻiladi: nega endi farmoyish chiqarish vakolatiga ega hokim qolib, uning oʻrinbosarlari jazolanyapti. Qolaversa, avval rozilik olmay, sarflangan mablagʻlar bir necha milliard soʻm ekani inobatga olinsa, bu holat koʻp bora takrorlanganiga ham shubha qolmaydi.
Umuman olganda, byudjet mablagʻi «yakka» hokimlik usulida sarf etilishini hech ham oqlab boʻlmaydi baribir. Agar birinchi rahbar xalq pulini oʻz bilganicha tasarruf etsa, unda xalq saylab qoʻygan deputatlardan iborat mahalliy Kengashlar nega va kimga kerak?! Aks holda «Jamoatchilik nazorati» degani balandparvoz soʻzdan boshqa narsa boʻlmay qoladi.