​Oʻz turingizni saqlab qoling! – “Dinozavr” BMT minbaridan insoniyatni sergaklikka chaqirdi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi kecha, 27 oktyabr kuni iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashni qoʻllab-quvvatlash maqsadida videorolik eʼlon qildi. Videoda Frenki ismli dinozavr BMT Bosh Assambleyasi minbariga chiqib, delegatsiyalarga murojaat qilib, “bahonalarni toʻxtating va haqiqatan ham muammolarga qarshi kurashni boshlang”, deydi.

Dinozavr uglevodorodlar uchun davlat subsidiyalari iqlim oʻzgarishi kontekstida mantiqsiz ekanini daʼvo qilgan. Frenkining soʻzlariga koʻra, asteroid uning turlari vakillarining yoʻq boʻlib ketishiga sabab boʻlgan.

“Odamlarning qanday bahonalari bor? Ochigʻini aytsam, sizda hozir ajoyib imkoniyat bor. Siz pandemiyadan keyin iqtisodiyotingizni tiklayapsiz, bu insoniyat uchun ajoyib imkoniyat. Menga shunday fikr keldi: yoʻq boʻlib ketishni tanlamang, juda kech boʻlmasdan oʻz turingizni saqlab qoling! Odamlar bahona oʻylashni toʻxtatib, oʻzgarishlarni amalga oshirishni boshlashining vaqti keldi”, degan dinozavr.

Bu Birlashgan Millatlar Tashkiloti tarixidagi birinchi kompyuter grafikasidan foydalanilgan film boʻlib, unga ingliz, ispan va fransuz tillarida ovoz berishda taniqli aktyorlar ishtirok etgan.

“Tasavvur qiling-a, yirik meteoritlarga subsidiyalar uchun yuzlab milliardlab mablagʻ sarflayapsiz. Siz bugun shunday qilyapsiz. Shunchaki, oʻylab koʻring, bunday pul bilan yana nima qila olardingiz? Butun dunyoda odamlar qashshoqlikda yashaydilar, siz oʻz turingizni yoʻq qilishni moliyalashdan koʻra bunday odamlarga yordam berishda koʻproq maʼno borligini oʻylaysizmi?”, degan Frenki.

Maʼlumot oʻrnida, qisqa metrajli film joriy yilning 31 oktyabridan 12 noyabrigacha Glazgoda (Buyuk Britaniya) boʻlib oʻtadigan iqlim konferensiyasi arafasida eʼlon qilindi.