Tegajogʻlik qilishda gumonlanayotgan “zamdekan” qizning oʻzi unga shilqimlik qilganini aytdi

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti dekan oʻrinbosari oʻz xonasida talaba qizga tegajogʻlik qilgani haqida xabar berilgandi. Talaba qizning UzReportTV telekanaliga maʼlum qilishicha, dekan oʻrinbosari bu ishda qizni ayblagan.

“Tergovda u (dekan oʻrinbosari)ning aytishicha, mening qizim uning xonasiga kirib, kalit bilan xonani qulflab olgan emish. Qizimni yigiti kelib qolgani sabab qayerga berkinishini bilmay, derazadan oʻzini tashlab yuborgan emish.

Qizim hali hayotga toʻymagan quvnoq qiz. Qizim ijodkor qiz, u hali bunaqa narsalar haqida oʻylamaydi. Chunki oilamiz oʻqimishli oila: hammamiz oʻqituvchimiz. Shuning uchun qizim uning xonasiga ishonib kirgan”, – deydi talaba qizning onasi.

Ayol zamdekanni qizlar yotoqxonasida masʼul boʻlgan, balki u yerda ham qishloqdan kelgan qizlarga tegajoqlik qilgandir. Ular qoʻrqib hech kimga ayta olmashandir, deya qoʻshimcha qilgan.

Ushbu voqeadan soʻng Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi shu tizimda ishlaydigan yoki tahsil oladigan qizlarga murojaat bilan chiqdi.

Unga koʻra, endilikda agar talabalar yoki ishchi xodimlar taʼlim olayotgan yoki mehnat qilayotgan oliygoh, professional taʼlim muassasasida oʻzlariga nisbatan biron-bir koʻrinishda tegajogʻlik, tazyiq, zoʻravonlik, nojoʻya xatti-harakatlar tahdidi boʻlsa, yoki guvohi boʻlsa hech ikkilanmay Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 1006 ishonch telefoniga yoki @himoya_otv_bot ga murojaat qilishlari soʻraladi.

Maʼlum qilinishicha, murojaatchining shaxsi va shaxsiy maʼlumotlari sir saqlanishi kafolatlanadi. Zarur boʻlgan barcha yordam koʻrsatiladi, nojoʻya xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymaslik, sodir etilgan har bir holat boʻyicha qatʼiy choralar koʻrilishi taʼminlanadi.

Eslatib oʻtamiz, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining 3-bosqich talabasining bu boradagi murojaatini “Nemolchi.uz” eʼlon qilgandi. Unda qiz Zulfiya mukofotiga tavsiyanoma olish maqsadida yoshlar ishlari boʻyicha 37 yoshli dekan oʻrinbosarining xonasiga kirganida eshikni ichkaridan qulflab, unga tegajogʻlik qilmoqchi boʻlganini, oyna oldiga kelib, yordamga chaqirmoqchi boʻlganida erkak uni derazadan itarib yuborganini bildirgan.