Murod Muhammad-Doʻst: «Oʻzimizning kino muallimlariga ishonch shu qadar kammi?»

Oldinroq, Moskva Xalqaro munosabatlar institutining filiali ochilganida, biz u yerda Rossiya manfaatlariga xizmat qiladigan diplomatlarni tayyorlaymizmi, degan savol oʻrtaga tushgan edi.

Texnika, moliya va iqtisod yoki boshqa siyosat kamroq aralashadigan sohalarda xorijiy oʻquv yurtlarini ochishga hech kim qarshi emas. Bugun bildimki, endi Rossiya kinematografiya institutining filiali ham ish boshlarkan. Nimalar boʻlyapti oʻzi? Oʻzimiz maxsus kino instituti ochishga qodir emasmizmi? Ana, ilingan shaharda universitet degani bodroqday ochilib yotibdi-ku?

Bugun ishlab turgan sanʼat institutining rejissyorlik va aktyorlik boʻlimlari asosida yangi institut ochsak boʻlardi-ku? Oʻzimizning kino muallimlariga ishonch shu qadar kam boʻlsa, ana, chaqir chet ellarning maʼlumu mashhur rejissyoru operatorlarini — kelib kamini toʻldirib oʻqitsin.

Rossiyadan ham chaqir, u yerdayam yaxshi ijodkorlar bor. Lekin butun boshli mafkuraviy soha taʼlimini muayyan bir xorij institutiga berib qoʻyish millat ziyolilariga behurmatlik emasmi? Toʻgʻri, Rossiya bilan doʻstlashish kerak, lekin mamlakatlar aro doʻstlik toʻliq mahramlik degani emas, bu doʻstlik doimo millat manfaatlari bilan ihotalanib kelgan. Biz nima qilyapmiz — yana mutelik sari chekinyapmizmi?

Avval instituti va maktablari keladi, keyin atomi keladi… keyin atomini qoʻriqlaydigan lashkari keladi… Keyin-chi? Mamlakatning oʻzi ham filialga aylanadimi?

Murod Muhammad-Doʻst