23 yoshli homilador ayolning o’limida rostdan ham Bositxonova aybdormi?

Kuni kecha “Bositxonovaning aybi bilan bir ona nobud bo‘lgani aytilmoqda” nomi ostida xabar bergan edik. Ushbu mavzuga doir ijtimoiy tarmoqlarda SSVga yuborilgan xat uning vazir o‘rinbosari tomonidan to‘xtatib qolinganligi haqida qator xabarlar tarqalgan.

Ushbu holat bo‘yicha vazir o‘rinbosari Elmira Bositxonova bu vaziyat noto‘g‘ri talqin qilinayotgani haqida izoh bergan.

Unga ko‘ra, xatda 2021 yilning 17 may kuni Toshkent viloyati ko‘p tarmoqli shifoxonasida 23 yoshli homilador ayol vafot etgani, ayolning o‘limiga tug‘ruqdan keyingi o‘tkir yurak va buyrak-jigar yetishmovchiligi hamda boshqa bir nechta omillar sabab bo‘lgani aytilgan.

Xatda Bositxonovaga tegishli bo‘lgan “Vazirga kiritilmasin” deb yozilgan so‘z ko‘pchilik omma eʼtiborini tortgan. Elmira Bositxonova ushbu holat haqiqatdan ham yuz berganini, biroq xatga javobi noto‘g‘ri talqin qilinganligini maʼlum qilgan.

Bositxonova o‘z izohlarida boshqarma boshlig‘i tomonidan berilgan maʼlumotni sog‘liqni saqlash vaziriga chuqur o‘rganib, sabablar va tahlillar asosida kiritish lozimligi, masala onalar va bolalar o‘limi haqida ketar ekan, yuzaki xulosalarga tayanmasdan chuqur o‘rganish kerakligini, bu o‘rganish ishlarini bosh akusher-ginekolog bilan birga 2 professor olib borishi kerakligi haqida topshiriq berilganligi, o‘lim sabablari chuqur o‘rganilib, keyin vazirga hisobot berish kerakligi nazarda tutilganligi haqida taʼkidlagan.

30 yillik tajribaga ega anesteziolog-reanimatolog sifatidagi dastlabki xulosam – o‘lim sababi ko‘rsatilmagani, barcha holatga professional tekshiruv zarurligi bo‘yicha boshqarma boshlig‘iga muhim topshiriq berganman. Bunda hech qanday noto‘g‘ri yoki shov-shuvga sabab bo‘ladigan holat yo‘q”, deydi SSV o‘rinbosari.

Go‘daklar va onalar o‘limi bilan bog‘liq har bir holat berkitiladigan narsa emasligi, qonunda ham, tibbiyotda ham har bir o‘lim holati sabablari tahlil qilinib, chora ko‘rilishi va bu keyin yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarga yechim bo‘lib xizmat qilishi, shuning uchun ham bu holni bekitish yoki “yopdi-yopdi” qilishdan biror inson manfaatdor emasligini aytib o‘tgan Bositxonova.

Eʼtibor berilsa, xatda “kritik” so‘zi alohida qayd etilgan. Bu yozuvni qayd etishdan maqsad nimanidir xaspo‘shlash yoki bekitish emas. Bunday noto‘g‘ri xulosalar qilish bu vaziyatni noto‘g‘ri talqin qilish deb o‘ylayman”, degan Elmira Bositxonova.

Shuningdek, ayolning o‘limi bilan bo‘lgan voqea joriy yilning may oyida sodir bo‘lgan bo‘lib, uning natijasi 3 nafar tibbiyot fanlari daoktori va professerlar tomonidan o‘rganilganligini, tegishli xulosalar asosida aybdor shaxslar o‘z jazosini olganligi Sog‘likni saqlash vaziri o‘rinbosari tomonidan alohida taʼkidlanib o‘tilgan.