Global Firepower Indexning jahondagi davlatlar armiyalarining 2021 yildagi qudrati reytingida (Military Strength Ranking) Oʻzbekiston 140 davlat ichida 51-oʻrinni egalladi.
Reytingda qayd etilishicha, Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng qudratli armiyaga ega. Reytingda Qozogʻiston 61, Turkmaniston 86, Qirgʻiziston 93, Tojikiston 99-oʻrinni egalladi.
Jahondagi eng qudratli armiga ega davlatlar uchligidan esa AQSH, Rossiya va Xitoy oʻrin olgan.
Global Firepower Index portalining bildirishicha, davlatlar reytingi harbiylar soni, texnik jihozlanish, moliyalashtirilish kabi 50 ka yaqin omillardan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Oʻzbekistonning yillik harbiy byudjeti 70 million dollarni tashkil qiladi.
Bundan besh yil avval -2016 yilda Oʻzbekiston Global Firepower Index reytingida 126 davlat oʻrtasida 54-oʻrinda boʻlgan. 2017 yilda 48-oʻrinni, 2018 yilda 39-oʻrinni egallagan boʻlsa 2019 yilga kelib yana roʻyhatdan pastlay boshlagan. Shu yili 48-oʻrinni egallagan armiyamiz oʻtgan yilga kelib yana 52-oʻringa tushib qolgan.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatishga yaroqli kadrlarning umumiy soni 13,3 million kishini tashkil etadi. Har yili harbiy xizmatga chaqiriluvchilar safiga 601 ming kishi qoʻshiladi. Ayni paytda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarida 50 ming kishi xizmat qilmoqda.
Oʻzbekiston Harbiy-havo kuchlarida jami samolyotlar soni 185 tani tashkil etadi. Ulardan 66 tasi qiruvchi samolyotlar, 20 tasi havodan zarba beruvchi samolyotlar, 18 tasi harbiy transport samolyotlari, 2 tasi oʻquv samolyotlari, shuningdek, 79 ta vertolyotlar mavjud.
Oʻzbekistonda jami 420 ta tank, 1215 ta bronetransportyor, piyoda askarlarning jangovar mashinalari va boshqalar, 137 ta oʻziyurar artilleriya qurilmalari va 98 ta koʻp raketa tizimidan foydalanilmoqda.