Bugungi kunda nafaqat poytaxtimizda, balki viloyatlardagi istirohat bog’larida maxsus kutubxonalar, murabbiylar va o’quvchilar uchun xiyobonlar tashkil etilgani bir qarashda quvonchli xabardek tuyiladi. Ushbu ishlarga qancha mablag’, mehnat sarf qilinmasin, biroq hali hamon natija sezilgani yo’q. Ehtimol bizda ko’p ishlar xo’jako’rsin uchun, ko’zbo’ylamachilik uchun, shunchaki daftardagi «galochka»ni to’ldirib qo’yish uchun qilinayotganidir.
Farg’ona shahri markazidagi istirohat bog’ida joylashgan «Bepul kutubxona» faoliyati yo’lga qo’yilganiga ancha vaqt bo’lgan bo’lsa-da, haligacha bo’m-bo’sh qarovsiz holatda ekanligi haqida yozmoqda facebook foydalanuvchilaridan biri.
Biror loyiha yo’lga qo’yilyapdimi, jamiyat uchun u qanday foyda bera olishi, samarasi kutilgandek bo’lishiga alohida e’tibor berish kerak, albatta. Yuqorida ta’kidlangan shunchaki nomiga qurilib, joyni band qilib turgan kutubxonalarni nazorat qilish qiyin bo’lsa, davlat byudjetidan falon pul sarflab qilishining nima keragi bor? Tantanalar, karnay-surnaylar sadosi ostida alvon tasmalarni qirqib, ochilish marosimi o’tkazish-u, keyin uni OAVda e’lon qilish bilan ko’zlangan maqsadga erishib bo’larmidi?
Ommaviy kitobxonlikni targ’ib qilishni aholining eng yosh qatlamidan boshlash kerak. Kutubxona ochdik, endi bilganingni qilaver qabilida emas, balki mas’ul vakillar tomonidan yoshlar o’rtasida har hafta, kun ora kitobxonlikka tegishli bo’lgan aksiyalar, qiziqarli loyihalar o’tkazib turilsa, maqsadga muvofiq bo’lar edi nazarimda.
Haqiqatdan ham o’qishga arziydigan, yuqori saviyada yozilgan kitoblar bor, biroq maktab o’quvchisi yoki oddiy talabaning cho’ntagi ko’tara olmaydigan narxda qimmat bo’lganidan keyin ular qanday yo’l tutish joiz?
G’arb mamlakatlarida bizdan ilmga bo’lgan e’tibori bilan, fikrlash tarzining yuksakligi bilan ancha ustun ekanligini yaxshi bilamiz. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda aynan shu mavzuga aloqador bo’lgan bir xabarni o’qib qoldim. G’arb mamlakatlarida tashkil etilgan kutubxonalarga odatda fuqarolarning o’zlari kitob qo’yib, o’zlari olib o’qishar ekan. Misol uchun menga o’ta zarur, biroq o’zimda yo’q bo’lgan kitob boshqa insonda bo’lsa, shuningdek, boshqa birovga kerakli bo’lgan kitob menda bor bo’lsa, kitobni alishtirib o’qish faoliyati burchaklarni band etib turgan kutubxonalar faoliyatini ancha jonlantirib qo’yar edi, shubhasiz.
Avvalo, hamma narsada, birlik, tenglik kerak. Davlat ham, aholi vakillari ham bir bir muammoga, har bir ishga mas’uliyatni birdek his qilgan holda yondasha olsagina, kutilgan natijaga yaqin orada erishish ehtimoli yuqori!
Laylo Esanmurodova