Rossiyada tojikistonlik fuqarolar ikki oʻzbekistonlikni pichoqlab oʻldirgani aytilmoqda

Rossiyaning Qozon shahrida yuziga pichoq urilgan 2 nafar oʻzbekistonlik erkakning jasadi topildi. Bu haqda “Readovka”ga asoslanib Bugun.uz maʼlum qilmoqda.

Maʼlum qilinishicha, 24 oktyabr kuni kechqurun shahardagi ijaraga olingan xonadonda 23 yoshli X.H. va 25 yoshli R.R.ning jasadi topilgan. Ularga umumiy jami 33 marta pichoq urilgan.

Qayd etilishicha, deyarli barcha zarba marhumlarning orqasiga urilgan. Ammo ularning yuz qismida ham pichoq urilishidan qolgan jarohat aniqlangan. Tezkor qidiruv tadbiri davomida politsiyachilar xuddi shu xonadonda yashovchi 32 yoshli A.X.ni qoʻlga olgan.

Maʼlumotlarga koʻra, A.X. shoshilinch ravishda chipta sotib olib, Samara shahriga olib boruvchi shaharlararo avtobusga oʻtirganida ushlangan. Soʻroq paytida u tanishlarini oʻldirganini tan olgan. Biroq 28 oktyabr kuni boʻlib oʻtgan sud majlisida boshqa taxminni ilgari surgan.

Uning aytishicha, kechqurun kvartiraga qaytib kelganida, qon izlari va marhumlarning jasadini topib olgan. Bu ishni esa ular bilan janjallashgan tojikistonliklar sodir etgan. Mojaroga esa tojikistonliklarning oʻzbekistonlik yigitlardan birining singlisiga shilqimlik qilgani sabab boʻlgan. Kaltaklangan tojikistonliklar qasos olishini aytgan. Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.