Oʻzbekistonda kuzatilayotgan chang boʻronini, «ekologik fojea» deb atash mumkin

Kecha va bugun Toshkent, hamda markaziy-gʻarbiy Oʻzbekistonda kuzatilayotgan chang boʻronini, «ekologik fojea» deb atash mumkin. Lekin, bu – kelajakda kutiladigan katta va tez-tez uchrab turadigan fojeaning, boshlangʻich signali boʻlishi mumkin. Oʻzbekiston – dunyodagi eng katta qita, Yevrosiyo qitasining qoq markazida, oʻta quruq va dasht hududda joylashgan. Bu joylashuvning ijobiy va salbiy jihatlari ham bor.

Oʻzbekiston davlatchiligi shunday boʻlishi kerakki, istiqboldagi ekologik muammolarni anglash, ularni oldini olish yeki salbiy jihatlarini pasaytirish borasida, kuchli va asosli oʻylangan davlat-jamiyat siyosati tayyor turishi kerak.

Bu borada, hukumat siyosatidan tashqari, siyosiy partiyalar va ularning fraksiyalarini jiddiy qarashlari, dasturlari va loyihalari boʻlishi kerak. Misol uchun, mana shunday vaziyatlarda «Oʻzbekiston ekologik partiyasi» soʻz olib, qilinishi kerak boʻlgan ishlarni aytishi, davlatning bu boradagi siyosatini va jamiyatning madaniyatini qayta taftish qilishi kerak boʻladi. Masalan, hozirgi xolatda, Ekologik partiya, boshqa partiyalar kun tartibiga quyidagi savollarni qoʻyishi mumkin edi:

Chang boʻronining qancha qismi global ekologiya bilan, yana qancha qismi mintaqaviy, va yana qancha qismi Oʻzbekiston ichidagi vaziyat bilan bogʻliq? Inson omili, Oʻzbekistondagi daraxt kesishlar, suv tanqisligi, ekologik siyosat zaifligi bilan qanchaliq bogʻliq?

Bu ketishda, 2030, 2040, 2050, 2070 va undan keyingi yillarda, vaziyat qanday boʻlishi mumkin? Oʻsha davrda, Oʻzbekistonda odamlar normal yashashi uchun, bugun nimalar qilish kerak? Oʻzbekiston aholisi ekologik qochqinlik tahdidi ostida qolmayapdimi? Dunyo hamjamiyati Oʻzbekistonga bu borada qanday yordam bera oladi? Oʻzbekiston, mintaqa davlatlari bilan birgalikda nimalar qilishi kerak? Va, h.k.

Muammolar – obʼektiv. Ularni eslamasak, ular gʻoib boʻlib qolmaydi. Aksincha, kuchayib boradi, kattaroq va kuchliroq oʻch oladi. Oʻzbekiston xalqi, davlatchiligi ekologik muammolarga jiddiy tayyorlanishi kerak. Buning uchun, barcha masʼuliyatni faqat hukumatga yuklab qoʻyish – yechim emas. Davlat ham, masʼuliyat va malakani, imkon qadar kengroq taqsimlashi kerak. Jonli, faol jamiyat va malakali hukumat kerak. Oʻrtada kuchli ishonch tarmoqlari, kuchli hamkorlik va oʻzaro ishonch zarur. Intersteller filmida tasvirlangan changli va xavfli hayot, 21 asrning oxirida emas, bizda bugun yuz koʻrsatib turibdi.

Kamoliddin Robbimov