Samarkand Half Marathon – bu yillik xalqaro xayriya musobaqasi. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Samarqand viloyati va Samarqand shahar hokimliklari bilan hamkorlikda ushbu tadbirni tashkil etmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadi – mamlakatimizda joylashgan madaniyat va sanʼat obyektlarida inkluzivlik muammosiga jamoatchilik eʼtiborini jalb qilish, shuningdek, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish va O‘zbekistonda sport turizmini rivojlantirishdan iborat. Yarim marafondan kelib tushgan mablag‘lar imkoniyati cheklangan shaxslarni madaniyat muassasalariga ishga joylashtirish uchun xayriya maqsadida sarflanadi.
Bu yil Samarkand Half Marathon 6-7 noyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tishi belgilangan, bugun esa mazkur marafonning birinchi kuni o‘tdi, 7 noyabr yaʼni ertaga yugurish marafoni bo‘lib o‘tadi.
Xalqaro xayriya yarim marafoni – Samarkand Half Marathon 2021 doirasida «Ishga joylashishda inklyuziya» mavzusiga bag‘ishlangan Xalqaro konferensiya ham bo‘lib o‘tdi.
Bu yil yarim marafonning inklyuziv dasturi bo‘yicha asosiy hamkor sifatida, imkoniyati cheklangan shaxslar huquqlarini amaliy taʼminlash hamda inklyuziv ishga joylashtirishni rag‘batlantirish bo‘yicha MDH hududidagi eng yirik institutlardan biri hisoblangan ROOI “Perspektiva” ishtirok etdi.
Mazkur tadbir tafsilotlarini ertaga ham yoritib boramiz va eʼtiboringizga Samarqand shahridan tayyorlanajak fotoalbomni havola etamiz.
Zayniddin Norquvvatov