Iqtisodiyot tarmoqlarida kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolarni sirtqi va kechki ta’lim shakliga suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi. Bu borada respublika hukumatining qarori (675-son, 04.11.2021 y.) asosida teishli nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, kamida 5 yil ish stajiga ega fuqarolarga suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirishi uchun tavsiyanoma beruvchi vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalari ro‘yxati har yili 1 iyulgacha tasdiqlanib, OAVda e’lon qilinadi.
Vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalari har bir o‘quv yili uchun markaziy va hududiy tuzilmalari hamda tizim tashkilotlaridan 100 nafargacha talabgorga tavsiyanoma berishi mumkin.
Tegishli tavsiyanomaga ega fuqarolar har yili 20 iyuldan 10 avgustgacha Davlat test markazining maxsus elektron tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Suhbat jarayoni har yili 20 avgustdan 30 avgustgacha bo‘lgan muddatda tashkil etiladi.
Natijalarga ko‘ra 100 ballik baholash mezonida 55 ball va undan yuqori ball to‘plagan abituriyentlar OTM rektori (direktori) buyrug‘i bilan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etiladi.
Tavsiyanomalar faqatgina berilgan o‘quv yili uchun amal qiladi.
Nizom oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga, O‘zbekistondagi xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga hamda ularning filiallariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Mazkur tartib 2022 yil 1 maydan kuchga kiradi.
Ushbu yangi tartib nimani bildiradi? Avvalo, bir necha yillardan buyon shu sohada faoliyat yuritib kelayotgan, ammo oliy ma’lumot talabi sababdan mansab pog‘onasidan ko‘tarila olmayotgan tajribali kadrlarga imkoniyat bu. Bundan tashqari, oliy t’limga sara va o‘z ishini eplay oladigan kadrlar kirib keladi. Ammo, shu o‘rinda bir savol ochiq qoladi: bu va shu kabi tavsiyanomalar berish jarayonida korrupsion holatlar urchimasligiga kim kafil bo‘la oladi? Bu savolga yuqorida keltirilgan nizom ham, boshqa biror huquqiy-me’yoriy hujjat ham, afsuski, javob bera olmaydi.