Bugun, 8 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev davlat obʼektlarini xususiylashtirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.
Yigʻilishda 2021-2022 yillarda davlat ulushi boʻlgan korxonalar sonini kamida 3 barobar qisqartirish rejalashtirilgani va joriy yilda 4,5 trln soʻmlik 619ta davlat aktivi sotilgani haqida gapirilgan.
Keyingi yilda 32ta yirik davlat aktivini sotish, «Oʻzsanoatqurilishbank»ni xususiylashtirish, davlat korxonalarining 368ta nosohaviy va samarasiz aktivlarini savdoga chiqarish rejalashtirilgan.
Hududlarda 770ta aktiv sotishga tayyorlangan. Bular orqali byudjetga qariyb 10 trillion soʻm tushum taʼminlanishi koʻzda tutilgan.
Prezident davlat korxonalariga strategik investorlarni jalb qilish, faqat mavjud quvvatlarni ishlatish bilan cheklanmasdan, korxonalar faoliyatini kengaytirish zarurligini taʼkidlagan. Mutasaddilarga 2022 yil uchun xususiylashtirish dasturini ishlab chiqishga koʻrsatma berilgan.