Navoiyda avtohalokatga uchragan bank xodimlari yigʻilishga borayotgan boʻlgan


Bir necha soniyada 8 ta inson hayotdan koʻz yumdi. Ularning uchtasi hamkasblarimiz edi. Koʻpchilik majlisboz rahbarlarni ayblamoqda. Aksariyat insonlar esa, taqdirida yozilganidan qocha olmasligini, umri shu yergacha ekanini yozmoqda.


Nima boʻlganda ham 8 insonning taqdiri ayanchli yakun topdi. Ortidan yaqinlari qon yigʻlab qoldi. Agar tizim majlisga bunchalik mukkasidan ketmaganida, dam olish kunini hamma rahbar his qilganida bunday mudhish voqea boʻlmasmidi!


Aytishlaricha, oʻsha 2021 yil 6 noyabr kuni ham viloyat filialida yigʻilish boʻlgan (Albatta ushbu holatni rad qilib chiqishlari mumkin). Ular bank filialiga qarashli xizmat mashinasida boʻlishgan. Juma kuniga qadar bank haydovchisi mashinani minib, shanba-yakshanba kunlari boshqaruvchi oʻzi haydagan. Bu holatda haydovchini ayblash oʻrinsiz. Chunki u rahbar koʻrsatmasini bajarishga majbur!


Kecha, 2021 yil 7 noyabr kuni marhumlarning janozalari oʻqildi. Endi ular oramizda yoʻq.


2021 yil 6 noyabr kuni Navoiy viloyat Xalq bankida yigʻilish oʻtkazilgan (Tahminan 10:00 da boshlangan yigʻilish 12:00 gacha davom etgan). Ushbu yigʻilishdan chiqib, marhum boshqaruvchi oʻz filialida soat 14:30 ga yigʻilish chaqiradi. Yozgan xabaridan viloyatdagi yigʻilishda qattiq dakki eshitganini sezish qiyin emas (Xodimlardan izoh soʻragan. Rasmda T.S – Temurmalik Sobirovich). Bu uning oxirgi koʻrsatmasi boʻlgan.


Viloyat filialidagi yigʻilishda asosiy masala muammoli kreditlarni (NPL) undirilishi boʻlgan. Viloyat filialidagi yigʻilishda Nurota filialidan uch kishi (Boshqaruvchi, Bosh hisobchi va boʻlim boshligʻi) ishtirok etgan. Xabar berishlaricha, Nurota filialida dam olish kunlari kamdan-kam dam olinadi.


Narigi mashinadagilar yonib kulga aylangan. Eng achinarlisi, 2 yoshli goʻdak ham avtohalokat qurboni boʻlgan.


Bu masala Mehnat inspeksiyasi tomonidan oʻrganish boshlangani xabar berilgan.
Ushbu holat barcha yigʻilishboz rahbarlarni koʻzini moshdek ochgan boʻlsa ajab emas. Ushbu voqeadan keyin mamlakatimizda yigʻilishbozlikka qarshi taʼsirchanroq choralar belgilanishini soʻrab qolamiz.