Toshkentni qoplagan chang zararsiz deb topildi. Bu esa aholining noroziliklariga sabab boʻldi



Innovatsiya vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi va Bioorganik kimyo instituti olimlari Toshkentda kuzatilgan kuchli chang-toʻzoni sabab «Beruniy» metro bekati va «Akadem shaharchasi» xududlaridan olingan chang namunalarini maxsus uskunalarda tahlil qilib chiqishdi.

«Natijalar shuni koʻrsatadiki, chang hajmi 5 mikrongacha boʻlib, bu kattalikdagi chang zarralari ancha zararsizdir», — deyiladi xabarda.
Taʼkidlanishicha, 5 noyabrdagi namunalar 42 turdagi pestitsidlarga gaz xromatografiyasi yordamida tahlil qilinganda pestitsidlar mavjud emasligi aniqlangan.

Chang tabiatiga koʻra standart chang ekanligini aytilmoqda. «Chang tarkibida ogʻir metallar, tuzlar, inson salomatligi uchun xavfli pestitsidlar mavjud emas», — deya qoʻshimcha qildi Innovatsion rivojlanish vazirligi.

Balki bu changda organizm uchun foydalidir? Ahir Toshkent shahrida istiqomat qilganlarning koʻpchiligi chang oqibatida salomatligida oʻzgarish boʻlganidan shikoyat qilgani sir emasku.

«Joriy yil 4-5 noyabr kunlari mamlakatimizning ayrim hududlarida, xususan, Toshkent shahrida mavsumga xos boʻlmagan chang-qumli boʻron hodisasi kuzatilib, buning oqibatida atmosfera havosidagi chang miqdori belgilangan meʼyordan 5 barobar, kunning ayrim vaqtlarida esa 30 barobarga oshgani kuzatilgan edi.

Buning natijasida «Tez yordam» xizmatiga nafas yetishmovchiligi, bronxial astma huruji va turli allergik reaksiyalar bilan bogʻliq murojaatlar soni sezilarli darajada ortdi», deya SSV ham oʻz bayonotida keltirib oʻtgan edi.

«5 noyabrdan 6 noyabr soat 06.00ga qadar «103» xizmatiga umumiy chaqiriqlar soni 4110 ta boʻlgan boʻlsa, kecha bu boradagi koʻrsatkich qariyb 345 taga kamayib, 3768 tani tashkil qildi», — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Doniyor BOʻRIBAYEV.

Shundan nafas yetishmovchiligi bilan bogʻliq 349 ta, allergik reaksiyalar bilan 25 ta, bronxial astma huruji bilan 48 ta murojaat boʻlib, bemorlarning 8 tasi gospitalizatsiya qilingan.

Ushbu bayonot tarmoqda koʻp eʼtiroz va munosabatlarga sabab boʻldi. Har bir internet foydalanuvchilari oʻz fikr-mulohazalari bilan ushbu xabarga oʻz eʼtirozlarini bildirishdi.

«Mininnovatsiya tekshiruvlar natijasida chang namunalarida ogʻir metallar topilmadi, deb bayonot bersa, ijtimoiy tarmoqlarda odamlar norozi boʻlib, soʻkib yotibdi. Odamlarni rozi qilish uchun chang namunalari ichiga ogʻir metallarni solib qoʻyish kerakmi shunda?» — deya yozadi fizik olim Rustam Ashurov oʻzining facebookdagi sahifasida.

Innovatsiya vazirligi «Toshkentda kuzatilgan chang-qumli tuman inson salomatligi uchun xavfsiz», deb bayonot beribdi. Vazirlik bunday bayonot berish uchun butun boshli tadqiqotlar oʻtkazibdi, «Beruniy» metrosi atrofi (yaʼni, vazirlik binosi yaqini)dan olingan bir chimdim changni mikroskop va yana qandaydir asboblarda obdon tekshiribdi (shu joyida xushxabar bor — asboblar ishlarkan!). Rosa qidirishsa ham, chang ichidan tuzukroq zararli narsa topa olishmabdi oʻzbek olimlari (bu gapning qaysi joyiga yigʻlash kerak — «chang ichidan zararli narsa topa olishmadi» deganigami yoki «oʻzbek olimlari» soʻz birikmasiga — bunisi oʻzingizga havola).

Shunisiga ham shukr. Nega deganda, vazirlik bundan-da dahshatliroq bayonot berib, «shunday bayramona kunlarda poytaxtimiz ustidan yogʻilgani chang emas, baxt zarralaridir, Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra goʻyoki changdan azoblanib tibbiyot xodimlaridan yordam soʻragan kamida 4110 nafar hamyurtimiz esa aslida baxtdan ʼperedozirovkaʼ boʻlgan yangi zamon baxtiyorlaridir», deyishi ham mumkin edi.

Kamiga, chang nafaqat xavfsiz, hatto foydali ham boʻlishi mumkinligi haqida («changning foydasini asalaridan soʻrang», deb-a) haqiqiyligini hech kim tekshira olmaydigan biror iqtibosni Ibn Sino nomidan berib yuborsa, nima qilardik?» — deya yozadi jurnalist-bloger Muhrim Agʻzamxoʻjayev.

«Tepa»dan choʻchib koʻrib turganimiz changni zararsiz deb xulosa berish uchun qanchalik aql darajasiga ega boʻlish kerak ahir? Bor gapni ochiq aytib mansabidan ayrilib qolishdan qoʻrqdimikan baʼzi amaldorlarimiz?

©