IIB rahbariyatining noqonuniy harakatlari boʻyicha xizmat tekshiruvi olib boriladi

Ijtimoiy tarmoqlarda sobiq IIB xodimining vazir Poʻlat Bobojonovga yuborgan videomurojaati tarqalgani toʻgʻrisida xabar berilgandi.

Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux Gʻiyosov bunga munosabat bildirib, Quva tumani IIB rahbariyatining noqonuniy harakatlari boʻyicha tarqatilayotgan vajlar oʻrnatilgan tartibda tekshirilib, holatga huquqiy baho berilishini maʼlum qildi. Fargʻona viloyati IIBning maʼlum qilishicha, mazkur murojaat oʻrganib chiqilgan.


Viloyat IIBning rasmiy bayonotida qayd etilishicha, murojaatchi Nozimjon muqaddam ichki ishlar organlarida ishlab, xizmat vazifasiga masʼuliyatsizlik bilan yondashgani, surunkali ravishda xizmat intizomini buzib, ichki ishlar organlari xodimlariga nomunosib xatti-harakatlar sodir etgani uchun salbiy sabablarga koʻra, 2021 yilda ichki ishlar organlaridan boʻshatilgan.

Shuningdek, maʼlum qilinishicha, sobiq xodimning videomurojaatidagi IIO xodimlari bilan bogʻliq keltirilgan holatlar yuzasidan viloyat IIB tegishli xizmatlari tomonidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilmoqda.