Joriy yilning o‘n oyligida xorijda qancha migrant vafot etgani aytib o‘tildi

Bugun mamlakatimizning rivojlanayotgani, jahon minbarlarida nomi qayd etilib, nufuzi oshib borayotgani haqida qayta-qayta bong uramiz-u, biroq nega chet elga millionlab o‘zbeklar chiqib ketayotganini, musofir yurtlarda mashaqqat bilan ishlab yurganini eslamaymiz.

Muhojirlarning hammasining maqsadi, yuragidan doimiy aylanayotgan so‘zi bir: “Hali hammasi yaxshi bo‘ladi. Ishlab ko‘p pul topib kelganimdan keyin, uy quraman, mashina olaman, farzandlarimni to‘yini qilaman, xalqqa osh beraman”.
Achinarlisi, esa ko‘pchilik qishloq bolalari kelajakda o‘qib, yaxshi sohani egallashni emas, balki maktabni bitirishi bilan Rossiyaga borib ishlashni reja qilashadi.
Xo‘sh, ushbu holatda kim aybdor? Poraxo‘rlik, mahalliychilik, tanish-bilishchilik, ilmga e’tibor susayib ketayotgan vaqtda biz yana nimani kutishimiz mumkin?

Tashqi mehnat migrasiyasi agentliginining ma’lum qilishicha, 2021 yilning o‘n oyligida 361 nafar xorijda vafot etgan fuqarolarning jasadi olib kelingan. Lekin bu raqamlardagi insonlarning hech biri chet elga vafot etish ketmaganini, hayot qiyinchiliklari majbur qilib qo‘yganini yaxshi bilamiz. Ehtimol, ushbu raqamlar kimgadir shunchaki oddiy sonday ko‘rinishi mumkin, biroq bunda kimningdir otasi, kimningdir farzandi, kimningdir turmush o‘rtog‘i, akasi yo ukasining hayoti butunlay yakun topganini anglatadi.

Bundan tashqari, RIA Novostining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning aprel oyida O‘zbekistondan 332 ming, Tojikistondan 247 ming, Ukrainadan 152 ming, Ozarboyjondan 120 ming, Qirg‘izistondan 115 ming, Armanistondan 61 ming, Moldovadan 56 ming va Qozog‘istondan 49 ming noqonuniy muhojirlar Rossiya hududida faoliyat ko‘rsatgan. Afsuski, shunda ham eng ko‘p ko‘rsatkichni O‘zbekiston tashkil etmoqda.

Avvalo, odamlar o‘zlari hunar o‘rgansa, zavod-fabrikalar ko‘paysa, migrantlarning chet ela chiqish holatlari biroz kamayar edi mening nazarimda. Bizda esa hali hamon to‘ylardagi isrofgarchiliklar, dabdabalar davom etar ekan, chetga chiqish holatlari davom etaveradi. Shuningdek, tegishli idoralar tomonidan xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan migrantlarga keng miqyosda huquqiy yordam ko‘rsatilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Laylo Esanmurodova