“Marhum” prokuror va notariusni obro‘sizlantirgan(mish)?

Mish-mish ruhidagi nomdan taajjubga tushmang: JIB Chiroqchi tuman sudiyasi O‘ktam Rasulov o‘z raisligida ayni shu masaladagi ishni ko‘rib chiqmoqda.
Sud majlisida keltirilishicha, o‘zining tirik ekanini isbotlashga urinishlari ortidan “Mening yurtim” telekanalidagi “Markaziy studiya” ko‘rsatuvida chiqish qilgan Anvar Javharov, o‘zining “o‘lik” ekanligini dalolatlovchi hujjatga asoslanib, nomidagi uyni oldi-sotdi hujjatlarini rasmiylashtirgan notarius «R.O‘.ga nisbatan Qarshi shahar prokurori A.H. hech qanday chora ko‘rmayapti, ular bir-biriga quda», deya ma’lumotlarni keltirgan. Ushbu ma’lumot bir-biriga aslida hech bir tarzda qarindoshligi bo‘lmagan notarius va prokuror sha’nini toptab, obro‘sizlantirgan.
Qarshi shahar 2-sonli IIB tergov bo‘limi tergovchisi Anvar Javharovni Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi «g» bandi (Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan tarzda, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikasiya tarmoqlarida yoki internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish) bilan ayblagan va, uning ta’biricha, g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda ushbu tuhmatni amalga oshirgan. Tabiiyki, sudlanuvchi Javharov sudda buni tamoman rad qilgan.
Anvar Javharov sudda so‘z olarkan: «Men faqat va faqat o‘zimning tirikligimni isbotlashga, haq-huquqlarimni poymol qilganlarga chora ko‘rilishiga uringanman», — deydi.
Sudlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, uning ayoli uyni sotish uchun erining nomidan soxta ishonchnoma tayyorlagan. Ishonchnomadagi imzoning soxta ekanini da’vo qilyotgan sudlanuvchiga ko‘ra, bundan maqsad uyni tasarruf qilish bo‘lgan.


Ma’lum bo‘lishicha, 1965 yil Qarshi shahrida tug‘ilgan Anvar Javharov shahar Mudofaa ishlari bo‘limida yuritilgan hisob kartochkasining qo‘shimcha ma’lumotlar bandida 1998 yil 23 iyun kuni vafot etgan deya yozilgan. Bu ma’lumot bo‘limga 2008 yil 30 iyun kundagi 751-kirim raqamli hujjat asos bo‘lgan. Javharovning aytishicha, uning o‘limi haqidagi hujjat va ayolining soxta ishonchnoma tayyorlashi oqibatida keyinchalik u boridan ayrilgan.
Sud majlisi hozircha noma’lum muddatga maslahat uchun tanaffus e’lon qiladi.
Avvalroq Effect.uz internet nashri xodimlariga sud hukmi o‘qilgandi. Bundan tashqari, Svetlana Ortiqova “sud-huquq tizimida qiynoq qo‘llanilmaydigan davlat yo‘q” deya bayonot qilgani haqida xabar bergan edik.