Bu safargi video murojat egasi Namangan shahar IIO FMB 2- sonli IIB HPB profilaktika inspektori, katta leytenant Otabayev Sardorbek Mirzamurod oʻgʻli.
Sardorbek 2011-2015 yillarda IIV akademiyasida oʻqigan, oliy maʼlumotli huquqshunos.
Video Ichki Ishlar Vaziri Poʻlat Bobojonovga murojat shaklida tayyorlangan.
Katta leytenant Otabayev oʻz video murojatida Namangan shahar IIB, 2- sonli IIB da sodir boʻlayotgan noqonuniy hatti-harakatlar yuzasidan shikoyat qilgan.
Namangan shahar IIO FMB 2- sonli IIB rahbari mayor Sattorov Aziz qoʻl ostidagi profilaktika inspektorlariga har kuni 5 tadan maʼmuriy bayonnoma tuzish, bir yilda 2 ta maʼmuriy nazorat oʻrnatish kabi noqonuniy talablarni reja qilib belgilab bergan. Bu rejalarni bajarmagan xodimlarga ishdan haydalish tahdidi qilingan. Yoki HPB boshligʻi podpalkovnik Inomov Boburga 50 AQSH dollari berilsa, reja bajarilgan deb belgilab qoʻyilgan.
Shuningdek, kadrlar boʻlimi boshligʻi mayor Umrzaqov Abdulaziz doimiy ravishda noqonuniy tarzda xufiyona xizmat tekshiruvlarini oʻtkazib keladi. Tartib boʻyicha bir xodim rahbarlik lavozimida 5 yildan ortiq ishlashi mumkin boʻlmasa-da, mayor Umrzaqov qoʻl ostida Komil ismli shaxs 10 yildan beri ishlab kelmoqda.
Shahar IIB boshligʻi mahalliychilikka yoʻl qoʻyib asosiy rahbarlik lavozimlariga oʻzining hamqishloqlari va yaqin tanishlarini tayinlab qoʻygan.
Katta leytenant Otabayev video murojatda atishicha Profilaktika inspektorlariga bir oy davomida 15 tadan maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183- moddasi( mayda bezorilik, jarima miqdori 270 ming soʻmdan 810 minggacha yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq) boʻyicha maʼmuriy bayonnoma tuzish majburiy reja qilib qoʻyilgan. Bundan, oddiy aholiga shuncha jarima solaverishdan profilaktika inspektorlarining vijdonlari qiynaladi. Lekin yuqoridan kelgan buyruq sababli majbur qilishadi.
Agar majburiy yuklama bajarilmasa rahbarlardan kurakda turmaydigan, oʻta yomon haqoratlar eshitishadi.
Qachongacha profilaktika inspektorlari hududiy rahbarlarning yuqori rahbariyatga yaxshi koʻrinish uchun qilayotgan harakatlari sababli oddiy xalq koʻz oʻngida dushman sifatida koʻrinadi?!
Qaysidir xodim haqqini talab qilsa bosim qilinadi.
Video murojatda katta leytenant Otabayev keltirilgan aytib oʻtilgan vaziyatlar uchun fakt va dalillari borligini, shu vaziyat sababli ishdan boʻshatishadigan boʻlsa qoʻrqmasligini, murojatining huquqiy oqibatlariga tayyorligini, niyati kimnidir yomon otliq qilish emas, tizimdagi muammolarni olib chiqish orqali Ichki Ishlar xodimdarining ijtimoiy mehnat sharoitlarini yaxshilashga harakat qilishdan iborat ekanligini takidlab oʻtgan.
Umid qilamizki ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov yuqoridagi vaziyat boʻyicha holatni nazoratga olib, murojatda sanab oʻtilgan muammolar yuzasidan tegishli tekshiruvlar oʻtkazib, nafaqat Namangan shahri yoki Quva tumani balki butun Respublika boʻyicha Ichki Ishlar xodimlarining ijtimoiy xizmat faoliyati yaxshilanishi uchun tegishli choralarni koʻradi.
Shuningdek, vaziyat yuzasidan IIV axborot xizmati rahbari Shoxrux G’iyоsov akadan munosabat kutib qolamiz.