Respublika bo’yicha ob-havo harororatining keskin pasayishi kutilmoqda

Joriy yilning 16-noyabr kuni O‘zbekistonning shimoliy hududlariga, 17-18 noyabr kunlari respublikaning barcha hududiga Volga bo‘yi orqali Rossiyaning Yevropa hududi (Moskva viloyati) ustida shakllangan nam va sovuq havo massasi kirib keladi. Bu haqda O’zgidromet ma’lum qildi.

Xabarga aytilishicha, 16-17 noyabrda respublika bo‘yicha shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, baʼzida 25-28 m/s gacha kuchayishi mumkin, baʼzi joylarda changli bo‘ron bo‘ladi.

16-noyabrda Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida, 17 noyabrda O‘zbekistonning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qorga aylanadi) bo‘ladi, 17-18 noyabrda tog‘ oldi va tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) baʼzi joylarda kuchli bo‘ladi.

Respublika bo‘yicha harorat keskin pasayishi kutilmoqda. 16-17 noyabrda shimolda, 17-18 noyabrda O‘zbekistonning qolgan hududlarida harorat kechalari 5-8° sovuqgacha, kunduz kunlari 0-3° iliqgacha, shimolda kechalari 12-15° sovuqgacha, kunduz kunlari 0-3° sovuqgacha pasayadi.