Davlat idoralari kelgusi yilda byudjetdan qancha mablagʻ olishi koʻzda tutilayotgani haqida xabar bergandik.
Unda 62 ta davlat idoralarining 2022 yilda byudjetdan oladigan mablagʻlari haqida maʼlumot taqdim etilgan.
Keltirilishicha, joriy xarajatlar, obʼektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun qoʻyilmalar) uchun ajratiladi. Umumiy hisobga qarab koʻrsangiz dahshatli darajadagi summa kelib chiqadi. Masalan, ayrim idoralarga ajratilgan mablagʻ miqdorini koʻrib, ular keyingi yildan hammasini «nol»dan boshlaydimikan, deb oʻylab qolasiz.
Birgina misol, MTRK uchun 561,4 mlrd mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan. 2020 yil uchun esa 427,3 mlrd. Ajratilgan ekan. Biroq, shuncha katta mablagʻga yarasha Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi faoliyatida hanuzgacha hech qanday oʻzgarishlar kuzatilayotgani yoʻq. Umuman, bugun sanoqli rasmiylardan boshqa qancha odam MTRK kanallarini koʻrayapti oʻzi? Xalqimizning aksariyat qismini jalb eta olgan birorta koʻzga koʻringan loyihasini bilasizmi MTRKning?
Mustaqillikning 30 yilligi munosabati bilan yana bir yangi telekanal — Renessans TV oʻz faoliyatini boshlagan edi. Bu ham ortiqcha bir sarf xarajatdan oʻzgasi emasligi oydinlashib qoldi allaqachon. «Yarq» etgan birorta koʻrsatuvi bormi shu telekanalning?
Qolaversa ayrim telekanallarni ishlayapti, deb aytishning ham imkoni yoʻq. Xalq dardini olib chiqish oʻrniga arzimgan ishlarni «ura-urachilik» bilan koʻrsatishdan oʻzgasiga yaramaydi.
Ayni paytda mamlakatimizda 48 teleradiokanal, jumladan hududlarda 13 ta nodavlat telekanal faoliyat yuritadi. Teleekranlarga qachon koʻzingiz tushmasin biror-bir aytarli, mazmunga ega koʻrsatuv koʻrmaysiz. Misol uchun bugun televizorning qaysi kanaliga koʻzingiz tushmasin, bu xalqning boshi kasallikdan chiqmay qolganmi, degan fikrga borishingiz aniq.
Toʻgʻri, reklama – bu daromad. Ammo biror yaxshi koʻrsatuvning oʻrniga ham reklama berib, pulni koʻpaytirishga harakat qilishayotgan ekan, unda xalq toʻlagan soliqdan milliardlar ajratish, boz ustiga bu yil 134 mlrd. ga oshirib berishning nima keragi bor? Reklamadan tushgan pullar kimning choʻntagiga tushyapti unda?
Qanchalik mablagʻ ajratilmasin, sarf-xarajatlar uchun shaffof tizim yaratilmas ekan hech qanday oʻzgarish boʻlmaydi. Aksincha talon-taroj avj oladi xolos. Kimningdir choʻntagiga borib tushaveradi. Oʻsha kimdir esa barcha qonunlarni bilgan, davralarda xalqim-xalqim deya xalqumni oʻylaydigan kimsa boʻlib chiqaveradi.
2021 yilning 6 oyi mobaynida mamlakatda 2544 nafar mansabdor shaxsga nisbatan korrupsiya holatlari bilan bogʻliq boʻlgan 1676 ta jinoyat ishlari tergov qilinib, sudlarga yuborilgan.
2021 yil 6 oyi davomida mansabdor shaxslar faoliyat yuritgan davlat organlari va tashkilotlari kesimida oʻtkazilgan tahlil davomida aniqlanishicha, Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida 107 ta, Xalq taʼlimi vazirligi tizimida 74, davlat ulushi boʻlgan tashkilotlarda 69, banklarda 66 ta shunday holatlar aniqlangan.
Bu roʻyxatni uzoq davom ettirish mumkin.
Sud yakunlari boʻyicha korrupsiyaga oid jinoyat ishlari boʻyicha 592,5 mlrd. soʻmlik moddiy zarar yetkazilganligi aniqlangan.
Koʻrinib turibdiki, joriy yilning olti oyida birgina MTRKga ajratiladigan mablagʻdan koʻra koʻproq summa talon-taroj qilingan. Savollar bisyor, biroq qolganini vaqt koʻrsatadi.
Soha rivoji uchun pul ajratish boshqa masala, uni toʻgʻri taqsimlash esa ikkinchi bir mushkul masala ekani yaqqol koʻrinib turibdi.
Qani koʻramiz, bu loyiha yuzasidan xalq vakillari boʻlgan deputatlar qanday fikr bildirishar ekan?!.