Zoyir Mirzayev oʻrniga bojxona qoʻmitasi raisi kelishi kutilmoqda

Maʼlum qilinishicha, Qashqadaryo viloyatining amaldagi hokimi Zoyir Mirzayev lavozimidan ozod etilishi kutilmoqda. Uning oʻrniga Bojxona qoʻmitasi raisi Murod Azimov viloyat hokimi etib tayinlanadi. Bu maʼlumotni hukumatdagi manba tasdiqladi.

Kun.uz manbasining taʼkidlashicha Toshkent viloyatida ham tayinlovlar kutilmoqda, bu haqda hozircha rasmiy maʼlumot yoʻq.

General-mayor Murod Azimov 2018 yil fevral oyida Bojxona qoʻmitasiga rais etib tayinlangandi. U qoʻmitaning avvalgi raisi Muidjon Tohiriyning oʻrnida ish boshlagandi.

Murod Azimov 1976 yil Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan. 1998 yilda Toshkent yuridik institutini tugatgan. Qarshi shahar prokuraturasida tergovchi, Qashqadaryo viloyat prokuraturasiga prokuror, keyinroq viloyat prokurorining oʻrinbosari va tuman prokurori lavozimlarida ishlagan.

2014 yilda u Buxoro viloyati prokurori etib tayinlanib, u yerda 2016 yilgacha ishlagan. 2016 yil sentyabr oyidan boshlab u Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining oʻrinbosari lavozimida ishlagan. 2018 yilda u bojxona xizmati general-mayori unvoniga ega boʻlgan.

Qashqadaryo viloyatining amaldagi hokimi Zoyir Mirzayev 2019 yil oktyabr oyida viloyat hokimi sifatida ish boshlagandi.

Zoyir Mirzayev 1968 yil 10 mart kuni Samarqand viloyati Jomboy tumanida tugʻilgan. 2016 yildan 2018 yilgacha bosh vazir oʻrinbosari — Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri, agrosanoat majmuasi rahbari. 2018 yildan — bosh vazir oʻrinbosari — agrosanoat, oziq-ovqat va xalq isteʼmol mollari majmuasi rahbari boʻlib ishlagan. 2018 yil 7 noyabr kuni Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumani hokimi lavozimiga tayinlangan.