Farg`onada o`qituvchi onlayn qimorda yutqazach o`z joniga qasd qildi

Farg`ona davlat universiteti o`qituvchisi katta miqdordagi mablag`ni qimorda yutqazib qo`ygani sababli o`z joniga qasd qildi. Bu haqda «Oyina.uz»ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qilgan.

Qayd etilishicha, 2021 yil 17 noyabr kuni soat 16-00lar chamasida Shahrixon tumani, Bo`ston MFY, Yangiqadam ko`chasidagi uyda yashovchi R.B (Farg`ona davlat universiteti o`qituvchisi) mazkur hududda joylashgan qabriston ayvonida bo`yin sohasidan o`zini osib, o`z joniga qasd qilgan va voqea joyida vafot etgan.

Uning o`limi sabablarini aniqlash yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. R.B.ning jasadini sud-tibbiy ekspertiza mutaxassisi ishtirokida ko`zdan kechirish davomida tan jarohatlari aniqlanmagan.

Olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida R.B. Farg`ona davlat universitetida o`qituvchi lavozimida ishlab kelgani, «1хбет» bukmeykerlik kompaniyasi orqali tavakkalchilikka asoslangan qimor o`yinlari o`ynashi, 2021 yil 16 noyabr kuni Farg`ona viloyati, Farg`ona shahrida yashovchi «Hurshidbek» ismli shaxsdan mazkur qimor o`yinlarini o`ynash uchun 57.000.000 so`m miqdoridagi pullarni qarzga olgani va «1хбет» o`yinlarida mazkur pullarni yutqazib qo`ygani aniqlangan.

Shuningdek, mazkur pullarni 2021 yil 18 noyabr kuni qaytarib berishni va’da qilib, uyidan olib kelib berishini aytgan va shu kuni oila a’zolariga telefon raqami orqali uni qabristondan topishlari to`g`risida sms-xabarnoma yuborgan.

Marhum bu yil magistraturani bitirgan edi. Uylanganiga ikki oy bo`lgan edi.

Yoshi 30 da edi. Alloh marhumning yaqinlariga sabr bersin.

Sport o`yinlari niqobi ostida tashkil qilinayotgan onlayn qimorxonalar minglab oilalarni yostig`ini quritmoqda. Shu jumladan mana shu ukamizni ham o`z joniga qasd qilishiga sababchi bo`ldi.

Onlayn qimorga ruxsat berganlar nahotki shu vaziyatlarni ko`rishmayotgan bo`lsa?!

Nahotki shuncha o`lim ham ularga dars bo`lmayapti?!

Bu holatni his qilishlari uchun o`z farzandlari shunday qarzga botishi, joniga qasd qilishi shartmikin?!

Xayolimdan bir taxmin ketmpyapti, (Inshaalloh noto`g`ri taxmin bo`lsin-ku) xuddiki onlayn qimor platformalari ustida yoki yuqoridagi amaldorlar yoki ularga gapi o`tadigan kimlardir turgandek. Agar shunday bo`lmaganda jamoatchilikning shunchalik faol qarshiligi sabab allaqachon bu ishlar taqiqlangan bo`lar edi.

Bu o`yinlarni taqiqlash bizni huquq-tartibot organlari uchun muammo emas deb o`ylayman.

Kimnidir yotog`ida, kimnidir shaxsiy yozishmalarida, kimnidir uyida yaqinlariga «Muallimi Soniy» o`rgatayotganida kuzata olgan mutaxassislar uchun onlayn qimor platformalarini topish, ta’qiqlash va berkitib yuborish hech qanday muammo tug`dirmaydi deb o`ylayman.

Yuqoridagi holatlar Respublika bo`ylab kuniga bir necha o`nlab sodir bo`lmoqda.

Bu hodisalarda albatta bu o`yinlarni taqiqlash o`rniga faoliyatlariga ruxsat bergan amaldorlarning ham hissasi bor.

Kim nima niyatda shu o`yinlarni faoliyatiga ruxsat bergan bo`lsa, Alloh shunga yarasha jazosini bersin.

Foyda yoki manfaat uchun ruxsat berganlarning oilalarida ham shu musibat bo`lsinki, qolganlarning holatini his qilishsin.

Umid qilamanki, onlayn qimor o`yinlari faoliyatiga berilgan ruxsat qayta ko`rib chiqilib, bekor qilinadi.

Shu o`lim bu sabab bilan oxirgisi bo`ladi.

Xurmatli ota-onalar farzandlaringizni, ayniqsa, o`smir yoshdagilarining harakatlarini e’tibordan chetda qoldirmang. Kimlar bilan qanday oldi-berdi qilayotganini nazorat qilib boring.

Bu holat mahalliy hokimiyat uchun ham yaxshigina signal bo`lishi kerak. Shahar to`la onlayn qimor o`yinlari uchun to`lov qilib berish reklama bannerlari ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlari bu holatni qimorga targ`ib sifatida tasniflab qonuniy chora ko`rishlari kerak.

Olimjon Haydarov