Kecha Fargʻona davlat universiteti oʻqituvchisi katta miqdordagi mablagʻni qimorda yutqazib qoʻygani sababli oʻz joniga qasd qilgani oid xabarlar tarqalgandi.
Koʻp oʻtmay marhumning oʻlimiga bogʻliq boshqa sababga bogʻliq ekani haqida maʼlumotlar paydo boʻldi. Yaʼnikim, Fargʻona davlat unversitetidagi Kun.uz manbasi marhumning oʻlimiga qimor emas, balki butunlay boshqa voqelik sabab boʻlgani haqida maʼlum qildi. Yaʼni, manba marhum Soʻx tumanida istiqomat qiluvchi bir fuqarodan kontrakt-shartnoma asosida oʻqishga kiritib qoʻyib sharti bilan katta miqdorda pul olayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari tomonidan qoʻlga olingani, shuning natijasida u oʻzini oʻzi oʻldirish sababini shu holat bilan bogʻlab, bayonot berdi.
«Xabar.uz» voqelikka oydinlik kiritish uchun Bosh prokuratura matbuot xizmati bilan bogʻlandi. Mahkama matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov FarDUning yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi boshligʻi B.R (marhum) fuqaro S.ni universitetning Fizika-texnika fakultetiga oʻqishga kiritib qoʻyishi evaziga 7 500 AQSH dollarini firibgarlik yoʻli bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganini tasdiqladi. Unga koʻra, voqelik joriy yilning 17 noyabr kuni sodir boʻlgan. Marhum esa voqelikdan bir kun avval 16 noyabr kuni Fargʻona shahrida yashovchi «Hurshidbek» ismli shaxsdan qimor oʻyinlarini oʻynash uchun 57.000.000 soʻm miqdoridagi pullarni ikki kunda, yaʼni 18 noyabrda qaytarish sharti bilan qarzga olgani aniqlangan. Qarzga olingan pullarni «1xbet» oʻyinlarida yutqazib qoʻygach, oʻrnini qoplash uchun yuqorida qayd etgan firibgarlik jinoyatiga qoʻl urgan. Ustma-ust kelgan balolar (qoʻpolroq chiqdi, uzr, biroq bundan boshqa soʻz topilmadi) soʻng B. R. oʻz joniga qasd qilganining ehtimoli juda yuqori, har holda, ish boʻyicha aniqlangan holatlar va mantiq shunga dalolat qiladi.
Modomiki, B. R.ga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan ekan, nega unga nisbatan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qoʻllanmadi?
H. Shamsutdinovga koʻra, jinoyat ishi firibgarlik (168-modda 2-qismi) alomatlari bilan qoʻzgʻatilgan boʻlib, B.R. gumondor sifatida soʻroq qilingan, xolos. Jinoyatga tergov yoʻli bilan aniqlik kiritiladi va shundan keyingina ish holatidan kelib chiqilib, ehtiyot chorasi masalasi hal etiladi. Ikkinchidan, Jinoyat kodeksining 168-modda bilan ochilgan barcha «ish»lar boʻyicha ham gumondorga nisbatan darhol «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qoʻllanmaydi.