Abdugʻani Sanginovga 200 metr balandlikdagi toʻgʻon ishonib topshirildi

Abdugʻani Sanginov 799,6 mln. dollarga teng investitsiyani oʻzlashtirilishi rejalashtirilgan Pskem GESini qurmoqda. Bugun OAV vakillari hamda chet ellik hamkorlar ishtirokida GESning birinchi toʻgʻonini toʻsish ishlariga start berildi. Bu haqda Ogoh.uzning Toshkent viloyatidagi manbasi maʼlum qildi.

OAV vakillari koʻz oʻngida oldindan tayyorlab qoʻyilgan texnikalar toʻgʻonni toʻsish ishlarini boshlab yubordi.

Sanginov jurnalistlar bilan muloqot paytida qayta qayta inshoot qurilishi birgina insonga bogʻliq emasligini, har bir bosqichdan masʼul kishilar oʻz ishini sidqidildan bajarsagina koʻzlangan natijaga erishish mumkinligini taʼkidlagan.

Toʻgʻri, «Ogʻzi kuygan qatiqni ham puflab ichadi» deganlaridek, bir pand yegan odam ikkinchi marta ishga kirishar ekan koʻngli hadek tortishi tabiiy. Ajratilgan pullar talon-taroj boʻlib ketmasa, xalqim deb koʻkragini kerib turganlar XALQUMni oʻylamasa natijaga erishish mumkin.Zero biz uchun Sardoba bir dars oʻlaroq xizmat qilishi kerak.
2017-yil Janubiy Mirzachoʻl kanalining markaziy tarmogʻi oqib oʻtgan hududda qurilgan, suv sigʻimi 930 million m³, balandligi 28,8 m Sardoba suv ombori falokati bu yaqin yillar aholi xotirasidan oʻchmasa kerak?

Sardoba suv omborining qiymati 1,3 trillion soʻm (404 million AQSH dollari)ni tashkil etdi. Suv omborining qurilishi 2010-yil boshlanib, 2017-yil yakunlandi. Uni qurishdan maqsad Sirdaryo va Jizzax viloyatlarining unumdor yerlaridan foydalanib, qishloq xoʻjaligi ekinlarining hosildorligini oshirish boʻlgan. Suv ombori atrofida dam olish hududi tashkil etilishi koʻzda tutilgandi. Biroq, oradan koʻp oʻtmasdan, 2020-yil 1-may kuni ombor oʻpirilib, Oʻzbekistonning Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlari va Qozogʻistonning Paxtaorol tumanidagi oʻnlab aholi punktini suv bosdi.
Sardobani qayta qurish ishlariga davlat byudjetidan Sardoba suv ombori toʻgʻonida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatida jabrlangan aholini qoʻllab-quvvatlash va infratuzilmani tiklash uchun jami 1,5 trillion soʻm qoʻshimcha mablagʻ ajratish belgilandi.

Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan 129,7 milliard soʻm, shu jumladan, 65,5 milliard soʻm ichimlik suv inshooti va tarmoqlari rekonstruksiyasiga va 64,2 milliard soʻm yangi qurilayotgan koʻp kvartirali uylarning ichimlik va oqova suv inshooti va tarmoqlari qurilishi uchun ajratildi.

Endi esa Toshkent viloyatining Boʻstonlik tumanidagi «DACHA»larning shundoqqina tepasida 500 mln kub sigʻimga ega toʻgʻon barpo qilinmoqda.

Maʼlumot oʻrnida Abdugʻani Sanginov Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq 19 may kuni «Oʻzbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyatining boshqaruv raisi etib tayinlangan.