“Gaz zapravka”larida navbatlar choʻqqisiga chiqqanda benzinni yanada qimmatga sotish uchun gʻamlashyapti

Birjada benzin narxlari tushayapti, lekin “zapravka”larda narx xaliyam oʻsha-oʻsha-osmonda. Bu haqda Qonunchilik palatasi depututi Rasul Kusherbayev oʻz telegram sahifasida fikr bildirdi.

Eng koʻp” zapravka”larga ega “Oʻzbekneftgaz” AJning “UNG Petro” AYOQShlarida Toshkent shahrining oʻzida odatda kunlik 550-600 tonna AI 80 markali avtobenzin isteʼmolchilarga sotib kelingan ekan.

Soʻnggi kunlarda aynan “UNG Petro” zapravkalarida AI 80 benzinini topib boʻlmay qoldi.

Kamiga Monopoliyaga qarshi kurash qoʻmitasi benzin boʻyicha cheklov oʻrnatibdi. Katta ehtimol bilan bu benzin taqchilligiga sabab boʻlmoqda. Yaʼni kunlik katta lotlarda 120 tonna va kichik lotlarda 10 tonna benzin cheklovi oʻrnatilgani sababli, Toshkent shahrining oʻzida kuniga 550-600 tonna benzin sotadigan “Oʻzbekneftgaz” zapravkalarida benzin yetmayapti.

Demak, ushbu cheklov benzin narxini tushirish oʻrniga aksincha taqchillik olib kelib, narx tushmasligiga sabab boʻlishi mumkin.

Savol: unda bu cheklov nima uchun xizmat qilayapti?

Maʼlumotlarga koʻra, xususiy tadbirkorlar hozirda benzinni har tonnasini 7 million soʻmdan xarid qilib atiga 3-4 “zapravka”lari orqali sotib kelishmoqda. Oʻrtadagi farqni kattaligini tushunish qiyinmas: 50 ta zapravkasi bor “UNG Petro”ga ham 130 tonna, bitta “zapravka”si borga ham 130 tonna.

Eng yomoni birorta ham benzin “zapravka”ga ega boʻlmagan ulgurji savdo vakillari ham Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining cheklovi ortidan negadir AI 80 benzin sotib ola boshlashgan.

Katta ehtimol bilan ular qishda “gaz zapravka”larida navbatlar choʻqqisiga chiqqanda benzinni yanada qimmatga sotish uchun gʻamlashyapti yoki ustiga qoʻshimcha narx qoʻyib sotish harakatida. Boshqacha boʻlishi ham mumkinmas.

Hisoblab koʻrsak bugun har tonnasi 7 million soʻmga aylangan benzin
barcha soliq va “zapravka” xarajatlarini qoʻshib hisoblaganda chakana savdoda 1 litriga 6 ming soʻm degani. Lekin, Toshkentdagi xususiy “zapravka”larda eng arzon benzin 7900 soʻmdan boshlanadi.

Buni “Oʻzneftgazinspeksiya” bilan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi nazoratga olib, tartibga solishlari kerak. “Shahar bedarvoza”masku.

Shu oʻrinda bitta taklif: benzin faqat benzin “zapravkasi” bor biznes vakillariga sotilgani maʼqul. Gʻamlab qoʻyib, bozorda sunʼiy defitsit hisobiga boyimoqchi boʻlganlarga emas.

Unutmaylik, besh qoʻlni ogʻizga tiqish, ogʻizni yirtishi mumkin. Ustiga ustak xalqni qiynalishi hisobiga boʻlsa.

Shuning uchun otning oʻlimini itning bayramiga aylantirmaylik oʻrtoqlar.

Darvoqe, Oʻzbekistondagi 80 foiz neftni qazib chiqaramiz, deb maqtanadigan “Jizzax petroleum”ni asosiy benzini qayoqqa ketayotgani(oʻzi xalqqa tegishli neft quduqlari ularga qanday oʻtib qolgani ham qiziq), Fargʻonadagi neft zavodi qancha benzin ishlab chiqarayotgani ham ochiqlansa yaxshi boʻlardi. Masʼullar bunga javob berishlari kerak oʻzi, deya yozadi deputat.

Qolaversa joriy yilning 11 oyi davomida binzen narхi yanvar oyiga nisbatan teng miqdorda oshgan. 2021 yil yanvar oyida AI 80 markali binzen 5500 soʻmdan sotilgan boʻlsa, bugungi kunga kelib narh 10000 soʻmgacha koʻtarilgan.