Energetika vazirligi aytgan uchta Oʻzbekiston qayerda?

21-asrning 21-yili yakunlanishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Kimdir shaxsiy raketasida kosmosga uchganiga ham qanoat qilmay,  endi Marsga koʻchib ketmoqchi. Bizchi? Elektr va gaz masalalarini hal qilishni talab qilgandan koʻra, qoʻlni yuvib, qoʻltiqqa tiqqancha qoramolning ketiga koʻproq tikiladigan boʻlib qolganmiz. Sababi hademay qish keladi, oʻtin tanqis, koʻmir qimmat, sovuqda esa bir amallab jon saqlamasa boʻlmaydi.

Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi barcha mineral resurslarning deyarli uchdan bir qismiga ega va gaz qazib olish boʻyicha dunyoning yetakchi 20 ta davlatidan birimiz. Energetika vaziri Alisher Sultonov. Hozirgi gaz hajmi uchta Oʻzbekiston uchun yetarli deya maʼlum qilgan edi. Lekin shunga qaramay havolar sovudi deguncha aholini gaz bilan taʼminlash masalalari kun tartibiga chiqadi.  Mahalliy gaz uzatish tizimining eskirganligi, ichki bozorda gaz narxi pastligi, demografiya, geologik razvedka ishlari uchun milliy kadrlar yetishmasligi kabi sabablar katta gaz yoʻqotishlari va samarasiz foydalanishga ( gazning 60 foizi oxirgi isteʼmolchiga yetib bormay atmosferada tarqalib, yoʻqolib ketadi) olib kelyapti. Natijada esa gaz taʼminoti yetib bormagan  mamlakat aholisi qishda uylarni koʻmir, oʻtin, sigir goʻngi yoki turli xil qoʻlbola elektr jihozlari bilan isitishga majbur.

                               Is gazidan zaharlanish mavsumi boshlandi

   Kunlar soviy boshlashi bilan sovuq xabarlar ham koʻpaya boshladi. Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi xabar berishicha, 2019- yilda Oʻzbekiston boʻylab 31 ta is gazidan zaharlanish hodisasi sodir boʻlib,  jabrlanganlar soni 21 nafarni,  vafot etganlar 50 nafarni tashkil etgan.

 2020-yilda esa 91 kishi is gazidan zaharlanib, vafot etgan. Xoʻsh, 2021-yilda bu koʻrsatkichlar nechaga yetdi?

Birgina Samarqand viloyatida 15-oktabrdan 25-oktabrgacha, 10 kun ichida 8 kishi is gazidan halok boʻlgan.  Favqulodda vaziyatlar vazirligining xabar berishicha, yil boshidan hozirgi kunga qadar zaharlanish bilan bogʻliq 46 ta noxush holatlar sodir boʻlib, 96 kishi vafot etgan va 35 kishi jabrlangan.  Oxirgi ikki kun ichida ham bu kabi shum xabarlar toʻxtagani yoʻq.

Bu xabarlarni oʻqiymiz-u, unutamiz. Bu holatga butunlay befarqligimiz yildan yilga oʻlimlar soni koʻpayayotganidan maʼlum.  Begʻunoh goʻdaklar isinishga harakat qilib, uyqudan uygʻonmayapti, bir uydan butun oilaning tobuti birdaniga chiqib ketyapti, soppa-sogʻ odam bir tuki toʻkilmay oʻlikka aylanayapti.  Hid va rangga ega boʻlmagan bu «sezdirmasdan oʻldiruvchi» necha-necha kishilarning yostigʻini quritishda davom etayapti.

                        Zaharlanish sabablari, alomat va choralar.

Tahlillarga koʻra, is gazidan zaharlanish holatlarining aksariyati quyidagi sabablarga koʻra yuzaga kelmoqda:

Fuqarolar tomonidan gaz va muqobil yoqilgʻi (koʻmir, oʻtin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik;nostandart (qoʻlbola yasalgan) yoki sertifikatga ega boʻlmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish;isitish pechlarining dudburonlarini notoʻgʻri oʻrnatish;gaz yoki boshqa muqobil yoqilgʻiga moslashtirilgan isitish pechlari hamda suyultirilgan uglevodorod gaz balonlarini (anjomlari)ni dam olish (uxlash) xonalariga olib kirish; havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov (koʻmir va oʻtin choʻgʻlari)dan foydalanish; havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib (toʻsib) qoʻyish.

 Koʻrsatib oʻtilgan sabablarga koʻra isitish uchun foydalanilayotgan yoqilgʻi (gaz, koʻmir, oʻtin va boshqa)ni chala yonishi natijasida is gazi hosil boʻladi.

Ushbu gaz organizmga nafas aʼzolari orqali taʼsir etib, gemoglobin bilan kislorodga nisbatan 300 marotaba kuchli birikma – karboksigemoglobin hosil qiladi. Buning oqibatida gemoglobinning toʻqimalarga kislorod tashish xususiyati keskin pasayib, gipoksiya, ogʻir holatlarda esa anoksiyaga olib keladi.

Uyquga tortish, bosh aylanishi, bosh ogʻrigʻi, hushini yoʻqotish,koʻz oldining qorongʻulashishi, terlash kuchayishi,  nafas olishning ogʻirlashishi, yoʻtal, tremor (qaltirash) holatlari kuzatiladi. Zaharlanish oqibatida oʻlim holatlari ham  kuzatilishi mumkin.

Barcha holatdagi ogʻir zaharlanishlarda zudlik bilan tez tibbiy yordam chaqirish zarur. Shifokor yetib kelgunga qadar quyidagilarni amalga oshirish tavsiya etiladi:

Jabrlanuvchini zudlik bilan gazlangan hududdan toza havoga olib chiqib, qoʻl va oyoqlarini koʻtarilgan holatda yotqizish;

Nafas olishiga xalaqit beruvchi barcha narsalarni yigʻishtirish (tugmalarni yechib, yoqani ochish, kamarni boʻshatish va boshqalar);

Jabrlanuvchining uxlab qolmasligini nazorat qilish, nafas olmayotgan boʻlsa, unga toza havoda yoki havosi yaxshi aylanadigan xonada sunʼiy nafas oldirishni boshlash lozim;

Nashatir spirtini hidlatish, hushiga kelgan vaqtida yiqilib, jarohatlanmasligi uchun choralar koʻrish, kislorod yostigʻi yordamida kislorod berish.

Barchamizga maʼlum, gaz zahiralari boʻyicha dunyodagi yetakchi davlatlardan boʻlsak-da, koʻp yerlarda tabiiy gazning oʻzi yoʻq(sotishimiz kerak).  Lekin bu uchun is gazi muammosi bizga taulluqli emas deyish xato. Koʻmir, balon gaz, tappi, hammasidam hal zarar boʻlishi mumkin. Shunday ekan oʻzingizni va oilangizni ehtiyot qiling!

Shahruza Sattorova