Deputat Kusherbayev bugungi jonli efirda Yangiyoʻl shahrida mavjud banklarning valyuta ayirboshlash shoxobchalari dam olish kunlari ishlamasligi muammosini koʻtargan holda, naqd valyuta mablagʻini qora bozorda ayirboshlashga majbur boʻlgani haqida chiqish qilgan.
Oldindan aytib oʻtish kerak, Kusherbayev yuz foiz haq, isteʼmolchi, mijoz sifatida ham, saylovchilaridan mandat olgan deputat sifatida ham. Qani endi har bir deputat shunday boʻlsa.
Masalaning tartibga solish talablariga toʻxtalmagan holda, nega tijorat banklari shanba-yakshanba kunlari, yoki masalan kechki va tungi vaqtlarda ayirboshlash shoxobchalarini ishlatmasligi sabablariga toʻxtalmoqchi edi.
Birinchidan, dam olish, bayram kunlari, kechki va tungi vaqtlarda xodimlarni kamida 2 karra haq toʻlab jalb qilish kerak boʻladi. Bu kassirlarga ham, nazoratchi, qoʻriqchi va inkassatsiyaga ham taaluqli. Yaʼni shoxobchalarning dam olish, bayram kunlari va tungi vaqtlarda ishlashi mehnat sarfi oʻrtacha 2 barobar yuqori.
Ikkinchidan, dam olish, bayram kunlari va tungi vaqtlarda ayirboshlash operatsiyalari hajmi boshqa vaqtdagiga nisbatan karrasiga kam. Bu tajriba, amaliyot va kuzatuvlar tarzida aniqlangan holat. Valyuta operatsiyalariga eng asosiy talab hosil qiluvchilari – mokkilar, oʻrta va mayda tadbirkorlar, yosh, texnologik mijozlar operatsiyalarini yo ish kunlari oʻtkazishadi, yoki dam olish kunlari esa ular onlayn tarzda operatsiya oʻtkazishni maʼqul koʻrishadi. Chunki ular uchun shu qulay va afzal.
Koʻrayapsizki, dam olish, bayram kunlari, kechki va tungi vaqtlarda ayirboshlash shoxobchalarining xarajatlari karrasiga koʻp, daromadlari esa karrasiga kam, moliyaviy natija esa doim manfiy. Yaʼni ularning bu vaqtda ishlamasligi asl sababi sof tijoriy nuqtalarga borib taqaladi.
Yechim yoʻqmi, deyishingiz mumkin. Yoʻq, yechim bor. Bu yechim butun dunyoda amalda. Faqat biz oʻta ijtimoiylashgan maqsadlarni oʻz oldimizga qoʻyganimiz uchun bu yoʻldan yurishga doim hadiksiraymiz.
Yechim – bozor.
Odatda butun erkin dunyoda va ayniqsa turistik mamlakatlarda ayirboshlashlash shoxobchalari dam olish kunlari va tungi vaqtlarda valyutani juda arzon sotib oladi va juda qimmat sotadi. Shu bilan oʻzining marjinalligini taʼminlaydi. Shartli aytsak, ish kuni dollarni 10750 soʻmdan sotib olayotgan bank shoxobchasi dam olish kunlari dollarni 10650 soʻmdan sotib oladi. Xuddi shunday, ish kuni dollarni 10800 soʻmdan sotayotgan bank shoxobchasi dam olish kunlari dollarni 10900 soʻmdan sotadi. Shu bilan hajm kamligidan yutqazadiganini kurs farqi orqali qoplaydi.
Dunyoning istalgan mamlakatida tunda aeroportdan tushganingizda eng noqulay kurslarga roʻpara boʻlasiz, mehmonxonalarda ham shunday.
Nega bizda bunday qilinmaydi? Sababi oddiy, ijtimoiy omillar sabab banklar minimal marjinallikni, qisqa koridorni ushlash yoʻlidan yurishadi. Tabiiyki oʻzlarining qadamlariga oʻzlari qurbon boʻlishadi.
Siz dam olish kunlari valyutangizni, masalan 100 soʻm arzonroqqa sotib, valyutani 100 soʻm qimmatroqqa sotib olishga tayyormisiz?