Yangi yilni yangi virus bilan qarshi olamiz…(mi?)

  Rivojlangan mamlakatlarda koronavirusga qarshi emlash tobora jadallashib borar ekan,  bir savol kun tartibiga chiqayapti. Bundan keyin nima boʻladi?  Dunyo normal hayotga qaytadimi, yoki koronavirusning yangi shtammlari paydo boʻlaveradimi? Chet elliklar shu kabi savollar bilan ertangi kuniga qaygʻurayotgan bir paytda koʻchaga chiqib, bir qarang: odamlarimiz naqadar xotirjam. Kimdir bugun ishdan vaqtliroq chiqqan, sababi ertaga jiyaniga toʻy. Akasi azamat odam-da, naq besh yuz kishiga dasturxon yozayapti.  Viruschi deysizmi? Toʻyxonadagi noz-neʼmatlar-u hashamdan boshi aylanib jimgina ketar…

Xalqlar doʻstligi saroyi oldida ham odam gavjum, ertangi konsert uchun chipta sotilyapti. Xoynahoy, hozir ham zal odamdan liq toʻla boʻlsa kerak. Virusmi? Virus xalq artistining xonishlaridan sel boʻladi-yu, joyidan tura olmay qoladi, shunaqa…

Avtobus, metro… Menimcha, odam koʻpligidan oraliq masofa, korona bu yerlarga sigʻmay, qochib qoladi shekilli?!

Niqob  taqqan kishilar ham amaldorlar orasidan insoflisi chiqqani kabi ora-orada uchrab turadi.  Menimcha ular hali ham «koronavirus_info»ni kuzatsa kerak. Har kunlik kasallanayotganlar va oʻlimlar sonini eshitib, biroz ehtiyotkordirlar ehtimol.

Maʼlum qilinishicha,  kecha yurtimizda 230 nafardan ziyod kishida kasallik aniqlanib, yana ikki kishi vafot etdi. 2021-yil 27-noyabr holatiga koʻra Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 192831 nafarni, oʻlimlar soni esa 1397 nafarni tashkil qilayapti. Keling, biz ham ozroq boshimizni qotiraylik-da, yuqoridagi savolga yuzlanaylik. Dunyo yana normal hayotga qaytadimi?

   Mutaxassislar fikricha, keng koʻlamli emlash kompaniyasi odatiy hayotga nisbatan ertaroq qaytishga umid beradi. (ayniqsa, AQShda bu jarayon tez surʼatlar bilan olob borilmoqda) Biroq bu yoʻlda koʻplab toʻsiqlar bor: vaksinalarning aholiga notekis yetib borishi, emlanishdan qatʼiy bosh tortish, virusning yangi variantlari. Vaksinatsiya bilan bogʻliq eng yomon vaziyat qashshoq mamlakatlarda. Bu mamlakat insonlari emlanmas ekan, virusning dunyo boʻylab tarqalishi oldini olib boʻlmaydi. Statistikalarga qarasak ham,  butun jahon miqyosida emlanganlar juda kam. Faqat  emlanganlar ko‘p bo‘lgan sharoitdagina virus o‘lim xavfini yuzaga keltirmaydi va Соvid-19 mavsumiy shamollashga o‘xshash kasallikka aylanadi.Albatta, umumiy immunitet pasayishi, antitanachalar vaqt o‘tishi bilan tabiiy kamayishi yoki virusning yangi mutatsiyalari tufayli ba’zida emlangan odamlar ham kasal bo‘lib qoladi. Biroq og‘ir kasalliklarning keng miqyosli tarqalishi oldini olish mumkin.

Xoʻsh, Oʻzbekistondachi, bu jarayon qanday kechyapti? Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha,  ayni kungacha mamlakatimizda jami 33 407 074 doza vaksinadan foydalanildi. Ulardan:1-bosqich emlanganlar 17 378 302 nafarni,2-bosqichda emlanganlar 10 581 810 nafarni,3-bosqich emlanganlar 5 446 962 nafarni tashkil qiladi. Faqat bir savol meni qiynayapti, kontraktiga 10% chegirma olish uchun, 3-dozani olishga ulgurmay, tanishi orqali  toʻliq emlanmay sertifikat olgan dugonam bu roʻyxatga kiradimi, yoki yoʻq?

Birinchi savol atrofida mushohadalar yuritib koʻrdik. Endi navbat ikkinchisiga. Koronavirusning yangi shtammlari paydo boʻlishda davom etaveradimi?

Koronavirusning yuqumli «Delta» shtammi deyarli barcha mamlakatlarga kirib borib, asta-sekin u yerlardan virusning xavfsizroq shtammlarini chiqarib tashlagani, va eng yoqimsizi bu shtamm kasallikni boshdan kechirgan yoki Kovid-19ga qarshi to‘liq emlanganlarga ham yuqqanidan xabaringiz bor. Bugunga kelib esa Janubiy Afrikada aniqlangan «omikron» JSST tomonidan «xavotirli variant» deb eʼlon qilindi.Bu shtamning tezlikda tarqalayotgani va mavjud vaksinalar unga qarshi samarasiz bo‘lishi mumkinligi bilan izohlangan. Maʼlumotlarga qaraganda, hozirgacha variantning qayd etilganlar soni 100 taga  yetib,Belgiya,Botsvana,Isroil,Janubiy Afrika, Gonkong (Xitoy) davlatlarida qayd etilayapti. Afrikada koronavirusning yangi shtammi qayd etilgani munosabati bilan ana shu qit’adagi ayrim davlatlar bilan bordi-keldida, Rossiya, Germaniya, Isroil, Buyuk Britaniya, Singapur, Bahrayn, Italiya, Niderlandiya, Marokash, Fransiya, Chexiya, Avstriya, Malayziya, Saudiya Arabistoni, Shveysariya, Turkiya, Kanada, AQSH, BAA, Misr, Argentina, Braziliya, Avstraliya mamlakatlari aeroportlarida cheklovlar qabul qilinayapti.

Bizchi, biz qanday choralar koʻramiz, hurmatli Sogʻliqni saqlash vazirligi?! Oxirgi nuqtaga borguncha jim turamizmi, yoki «Omikronni» yangi yil bayramida otiladigan salyutlar bilan birga osmonga uchirib yuboramizmi?

Shahruza Sattorova