Qashqadaryo viloyat hokimi: «Har bir tanqidiy lavha yoki chiqishga tezkorlik bilan javob berishni, munosabat bildirilishini qatʼiy talab qilaman!»

​Qashqadaryo viloyat hokimligida kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati maʼlum qildi.

Viloyat sektor rahbarlari ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilishda viloyat, tuman va shahar hokimliklari, tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Yigʻilishga rahbarlik qilgan viloyat hokimi Murotjon Azimov barcha sohalardagi qilingan va qilinishi kerak boʻlgan ishlarga toʻxtaldi.

Muammoli kredit, soliq tushumlari, aholi murojaatlari va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish hamda butun dunyoni tashvishga solayotgan oziq-ovqat xavfsizligi masalalari ham muhokama qilindi.

Murojaatlar bilan ishlash har bir rahbar xodimning birinchi galdagi vazifasi boʻlsin, — dedi viloyat hokimi. — Murojaatlar ortida odamlarning orzusi, umidi, dardi, taqdiri bor. Viloyatni iqtisodiy yuksaltirish, ijtimoiy muammolarini samarali hal qilish, uni respublikada namunali hududga aylantirish uchun bir tanu bir jon boʻlib ishlaymiz kerak.

Jurnalist va blogerlarga rahmat aytaman, eng oʻtkir va dolzarb masalalarni dadil olib chiqishmoqda, jamoatchilik va rahbarlar eʼtiborini qaratmoqda, natijada muammolar ijobiy yechim topib, aholi manfaatlariga xizmat qilayapti. Har bir tanqidiy lavha yoki chiqishga tezkorlik bilan javob berishni, munosabat bildirilishini qatʼiy talab qilaman! Ayrim chiqishlar noxolis xabar boʻlsa ham oxirigacha oʻrganib, tezkor raddiya berishni ham tashkil qilish kerak.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Chiroqchidagi fuqaro va IIB xodimlari oʻrtasidagi holatni ham oqlamayman. IIB xodimi ogʻir, bosiq va madaniyatli boʻlishi kerak-ku. Mayli, haydovchi aybdor, lekin IIB xodimi bunday paytda aql bilan ish tutishi kerak. Qochsa ham 1 soatda topish imkoni mavjud-ku hozirgi axborot texnologiyalari rivojlangan davrda.