Soʻnggi oʻn yil ichida MDH mamlakatlari poligonlarida elektron chiqindilar deyarli bir yarim baravarga ortgan. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti oʻzining tadqiqotlari natijasida maʼlum qilingan.
Taʼkidlanishicha, soʻnggi oʻn yil ichida import qilinadigan elektronika hajmi deyarli oʻzgarmagan, biroq har yili Rossiya va qoʻshni mamlakatlardagi chiqindixonalarga tushadigan elektron chiqindilar miqdori deyarli 1,5 baravarga oshgan. Ularning aksariyati Rossiya, Ukraina, Qozogʻiston va Oʻzbekistonda. Ushbu chiqindining atigi 3,2 foizi, yaʼni 79 ming tonnaga yaqini qayta ishlangan, deya xabar bermoqda CentralAsia.
«Elektron chiqindilarni yoʻq qilish MDH mamlakatlari iqtisodiyotiga koʻp miqdorda foyda keltirishi mumkin. Masalan, birgina 2019 yilning oʻzida 10 tonnadan ortiq oltin, yarim tonna noyob tuproq metallari, bir million tonna temir, 85 ming tonna mis va 700 tonna kobalt chiqindiga chiqib ketgan. Bu barcha materiallarning narxi 2,6 milliard dollardan oshadi», — dedi tadqiqot mualliflaridan biri, BMT universitetining yetakchi tadqiqotchisi Kis Balde.
Elektron chiqindilarga eskirgan yoki jismoniy eskirgandan keyin chiqindixonaga tushgan elektron qurilmalarning tarkibiy qismlari kiradi. Qoida tariqasida, bunday chiqindilarda oltin, litiy, kobalt va boshqa elementlarning nisbatan katta miqdori saqlanib qoladi, ularning zaxiralari Yerda cheklangan miqdorda.
Bunday chiqindilarni qayta ishlash bilan bogʻliq vaziyat barcha MDH mamlakatlarida bu kabi biznes uchun huquqiy asos ishlab chiqilmaganligi sababli murakkablashadi. Xususan, Armaniston, Ozarbayjon, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmanistonda bunday normalar yoʻq.
«Chiqindilarni boshqarish tizimi allaqachon mavjud, biroq Oʻzbekistonda hali ham elektron chiqindi tizimini rivojlantirish jarayoni davom etmoqda», — deyiladi hujjatda.
Mamlakatda chiqindilarni qayta ishlash bilan shugʻullanuvchi 100 ga yaqin tashkilot mavjud. Eng yirik korxona – «Maxsustrans» davlat unitar korxonasi mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida faoliyat yuritadi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash boʻyicha umumiy qayta ishlash quvvati yiliga 894 ming tonna boʻlgan 183 ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻzbekistonda elektron chiqindilarni yigʻish va qayta ishlash infratuzilmasi mavjud, biroq uning funksiyalari hozirda juda cheklangan. Tarkibida simob mavjud lampalarni yigʻish qayta ishlash tashkilotlari va doʻkonlar tomonidan amalga oshiriladi, bu yerda isteʼmolchilar eski jihozlarni qaytarish evaziga yangi uskunalar sotib olishda bonuslarga ega boʻladilar.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistondagi asosiy muammolardan biri bu ishlatilgan batareyalar chiqindilari boʻlib, ular odatda qattiq maishiy chiqindilar bilan birga yigʻilib, atrof-muhitni muhofaza qilish choralari koʻrilmagan holda mavjud chiqindixona yoki poligonlarga olib ketiladi. Bu borada mutaxassislar maslahati va ilgʻor tajribalar boʻyicha tadqiqotlar olib borilishi mamlakatga katta foyda keltiradi. Ilgari Oʻzbekiston xalqi uchun eskirgan akkumulyatorlardan qutulishning bir necha yoʻli bor edi. Ammo yaqinda maishiy chiqindilarni boshqarish sohasida katta oʻzgarishlar boshlandi (Oʻzbekiston 1995 yilda Bazel konvensiyasiga qoʻshilgan).
Balde va uning hamkasblari MDH davlatlari rasmiylarini bunday boʻshliqlarni bartaraf etishga va elektron chiqindilarning toʻplanishi va ularni qayta ishlashni kuzatishni osonlashtiradigan shart-sharoitlarni yaratishga chaqirmoqda. Buning yordamida bir vaqtning oʻzida bunday chiqindilardan barcha qimmatbaho materiallarni ajratib olish va tabiatni elektronika ishlab chiqarishda qoʻllaniladigan simob, kadmiy va boshqa zaharli moddalarning toʻplanishidan himoya qilish mumkin boʻladi.