Bugun 1 dekabr — Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni. Bu kun 1988 yildan beri nishonlab kelinadi. Xo‘sh, biz OIV va OITS haqida eshitganlarimizning hammasi ham to‘g‘rimi?
OIV infeksiya va OITS — bir xil kasallikmi?
OIV (Orttirilgan immunitet virusi) infeksiyasi va OITS (Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi) — insonda orttirilgan immunitet tanqisligini keltirib chiqaruvchi infeksiya va immunitetning zaiflashuvi bilan kechadigan yuqumli kasallik jarayonidir.
OIV infeksiyasini yuqtirib olgan inson immun tizimida CD4+T-limfositlari soni kamayib ketadi. Natijada, tana boshqa kasalliklar bilan kurashmay qo‘yadi.
To‘g‘ri, OIV infeksiya og‘riq yoki boshqa simptomlar keltirib chiqarmasligi mumkin. Ammo, undan so‘ng organizm hech qaysi bir kasallikni yenga olmaydi. Ya’ni, bemor har qanday yuqumli kasalliklar uchun tayyor o‘lja bo‘ladi.
OITS esa, OIVdan keyingi ikkilamchi jarayon bo‘lib,uning uzoq davom etishi fonida kechadigan og‘ir immunitet tanqisligidir.
Ushbu kasallikning birinchi holatlari 1970-yillarning oxirida Shvesiya, Amerika, Tanzaniya va Gaitida aniqlangan.
OITS (orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi) atamasi 1981 yilda shifokorlar tomonidan kiritilgan. Ikki yil o‘tgach, frantsuz shifokori Lyuk Montane va uning hamkasblari OIV infeksiyasining mavjudligini isbotlay olishdi.
Bukilgan qizil lenta — bukilmas irodalar ramzi
OITSga qarshi kurash ramzi maxsus tarzda bukilgan qizil lenta hisoblanadi. Ushbu ramzni 1991 yil aprelda amerikalik rassom Frenk Mur tomonidan chizilgan. Rassomni ng o‘zi ham o‘sha vaqta kasallik bilan kurashardi. Oxir-oqibat uning o‘zi ham 48 yoshida, 2002 yilda vafot etgan.
Har yili Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni turli shiorlar ostida o‘tkaziladi.
2004 yilgacha BMTining OIV/OITSga qarshi qo‘shma dasturi (UNAIDS) Butunjahon OITSga qarshi kurash kunining koordinatori bo‘lgan. 2004 yildan buyon ushbu kunning mavzusi OITSga qarshi kurash bo‘yicha Butunjahon kampaniyasining boshqaruv qo‘mitasi tomonidan fuqarolik jamiyati, tashkilotlar va OIV bilan bog‘liq muammolarni hal qilish bilan shug‘ullanadigan davlat organlari bilan maslahatlashgan holda belgilanadi.
Joriy yil uchun tanlangan mavzu «Tengsizlikka, OITSga, pandemiyalarga barham berish»dir.
Bu kabi shiorlar faqatgina bir kun amal qilmaydi, balki butun yil yoki davrlar davomida shu shior doirasida qator tadbirlar amalga oshiriladi.