Shifokorlar tirik bolani o‘ldirib berishdi

Yakkabog‘ tumani Uchtepa MFY Uchtepa qishlog‘ida yashovchi fuqaro Mirzayeva Sayyora mazkur tumandagi tug‘ruqxona shifokorlari faoliyatidan norozi ekanligi haqida videomurojaat yo‘llagan.

Unda aytilishicha, ayol 31-oktabr kuni 2001-yilda tug‘ilgan qizi Xalilova Umidani tuman tug‘ruqxonasiga olib kelgan. Shifokorlarning beʼetiborligi sabab qizi kechgacha azoblanganini ko‘rgan ona ertasi kuni maʼmuriyatga borib, o‘z noroziligini bildirgan. To‘lg‘oq vaqti yaqinlashgan, apparatga tushirilganida ikkala homilaning yurak urishi 120-121 tani ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, shifokorlar og‘riq qoldiruvchi, tinchlantiruvchi dorilar yozib beravergan. Bundan tashqari, hali dunyoga kelmagan chaqaloqlarning nogiron ekanligini, umid yo‘qligini aytish insoniylik bir chetda tursin, kasb etikasiga qay darajada to‘g‘ri keladi? Lekin tekshiruvlarda egizaklarning ikkisi ham sog‘lom ekanligi aytilgan.
Tug‘ruq jarayonida egizaklardan biri, Fotimasining joni saqlab qolingan. Ikkinchi bola esa havo yetishmasligi oqibatida ona qornida halok bo‘lgan.

Tug‘ruq azobi bilan kelgan ayollarga beeʼtibor bo‘lgan shifokorlarga esa murojaat egasi quyidagi gaplarni aytib o‘tgan:
» Shifokorlar, sizlardan iltimos, men-ku ko‘rdim shu azobni, boshqa ayol ko‘rmasin. Mening o‘rnimda, mening qizim o‘rnida o‘zingizni qizingiz, keliningiz yoki o‘zingiz bo‘lganingizda nima qila olar edingiz? Mana bu yerda qo‘sha-qo‘sha mashina, qo‘sha-qo‘sha uy… Xudoga shukur, menda mayli oddiygina tomi shuvoq uy bo‘lsa ham uyim bor, sizlarga o‘xshab dang‘illama uyim yo‘qdir, lekin vijdonim bor. Sizlarday vijdonimni yo‘qotmaganman!
Kelgan ayollarga yordam beringlar. Keldim, ko‘rdim, birortangiz yordam bermaysiz. Bitta iltimos, o‘sha dard tutib kelgan homilador ayollarning oldida uyidan kelgan birorta odamni kiritib qo‘yinglar, hech bo‘lmasa. To qiymatgacha mening ikki qo‘lim sizlarning yoqangizda, chunki nevaramni o‘ldirib berdingiz. Mayli men chopdim, boshqa qildim, bir nevaramni asrab qoldim, ammo boshqalar-chi? Xudoning oldida javob berasizlar-ku. Bo‘sh qo‘l bilan chiqib ketgan ayollarning, zor qaqshab ketgan norasidalar haqqiga qanday javob berasiz? Xudodan qo‘rqmaysizlarmi?»