Kuni kecha saytimizda «Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov nega OAVdan uzoqda» sarlavhasi ostida maqola eʼlon qilgan edik. Ushbu maqolaga IIV Axborot xizmati rahbari Shoxrux G‘iyosov raddiya berdi.
«Ogoh.uz internet saytida eʼlon qilingan maqola yuzasidan raddiya.
Elektron ommaviy axborot vositasining davlat organlarini ochiqligi masalasiga eʼtibor qaratayotgani tahsinga sazovor, albatta.
Lekin, shu bilan birga axborotni tarqatishdan oldin uni tekshirish va xolisligiga ishonch xolis qilish jurnalist va ommaviy axborot vositalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri majburiyati ekanligini eslatib o‘tmoqchimiz.
Umuman olganda maqolada keltirilgan vajlar, biror tahlilga asoslanmagan holda yuzaki taxminlarga tayanib yozilgan. Masalan, maqolada “Rasmiy davralarni hisobga olmasa, deyarli jamoatchilik bilan «gaplashmaydi»” — degan jumla esa, nazarimizda mutlaqo o‘rinsiz.
Keling, masalaga oydinlik kiritamiz, joriy yilning o‘zida Ichki ishlar vazirining matbuotda: “Yangi O‘zbekiston” gazetasida 2 ta intervyusi (19.08.2021, 23.10.2021), “O‘zbekiston ovozi” gazetasida 1 ta tahliliy maqolasi (21.04.2021), “Posta-Na postu” gazetasida 1ta yoshlarga murojaati (16.11.2021), “Darakchi” gazetasida 1 ta tahliliy intervyusi (27.08.2021), xorijda Qozog‘iston, Janubiy Koreya, BAA, Turkiya matbuotida jami 5 ta maqolasi chop etilgan. Shu bilan birga vazirning 2021 yil 11 oktabrda MDH davlatlari Ichki ishlar vazirlarining kengashida so‘zlagan nutqi va hamkorlikka oid takliflari 9 ta MDH davlatlarining matbuotida hamda xalqaro tashkilotning rasmiy sahifalarida yoritilgan.
Bundan tashqari, joriy yilda Ichki ishlar vazirining ishtirokida 2 ta matbuot-anjumani (19.08.2021, 24.10.2021) tashkil etilgan. OAV, blogerlar va ijtimoiy tarmoq faollarining ko‘plab savollariga javob berilgan.
Ichki ishlar vazirining jamoatchilik oldida hisobdorligini ijrosi yuzasidan joriy yilning iyul va oktabr oylarida jamoatchilik, OAV va senator va deputatlar ishtirokida IIO faoliyati haqida hisobot berilgan.
Fuqarolarning murojaatlari va muammolarining yechimi maqsadida joriy yilning o‘zida Ichki ishlar vazirining 4 ta sayyor va 12 ta shaxsiy qabuli o‘tkazilgan bo‘lib, barchasida jamoatchilik vakillari ishtirok etishgan.
Qo‘shimcha ravishda, eʼtibor qaratmoqchimizki, “Mahalliy yangiliklar” internet sayti tomonidan o‘tkazilgan anonim so‘rov natijasiga ko‘ra 10.200 nafar fuqarolardan 40% Ichki ishlar vazirini xalq ishonchini oqlab kelayotgan davlat organi rahbari sifatida eʼtirof etishgan.
Alohida taʼkidlaymizki, Milliy qidiruv tizimi reytingi bo‘yicha IIV rasmiy sahifasi foydalanuvchilari soniga ko‘ra davlat organlari o‘rtasida doimiy ravishda birinchi o‘rinni egallab kelmoqda. IIVning You Tube ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasidagi foydalanuvchilari soni bo‘yicha esa MDH davlatlari ichki ishlar va politsiya organlari o‘rtasida birinchi o‘rinni egallaydi», deyiladi xabarda.
Shuningdek, SH. G‘iyosov OAV va jamoatchilik bilan hamkorlikka hamda konstruktiv tanqidga doim tayyor ekanligini taʼkidlab o‘tdi.