Oʻzbekiston fuqarosi «omikron» shtammini yuqtirib oldi

Koreya Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish agentligi mamlakatda koronavirusning yangi «omiсron» shtammining birinchi holatlari haqida maʼlum qildi.

Xabar qilinishicha, 24 noyabr kuni Nigeriyadan Janubiy Koreyaga qaytgan er-xotinda «omiсron» shtammi aniqlangan.

Aniqlanishicha, er-xotinni aeroportdan uyiga oʻzbekistonlik tanishi olib borgan. Shundan soʻng, 29 noyabr kuni unda ham infeksiya aniqlangan.

Rasmiylarning fikricha, bu vaqt ichida Koreyaning ikki, Oʻzbekistonning bir fuqarosi va ularning oila aʼzolari 270 ga yaqin kishi bilan aloqada boʻlishgan.

Maʼlumotga koʻra, Oʻzbekiston fuqarosida COVID-19 tashhisi qoʻyilganidan bir kun avval u Incheon shahridagi masjidga tashrif buyurgan. U yerda 400 dan ortiq xorijiy fuqarolar yigʻilgan.

«Hozirgi vaqtda barcha kasalllangan fuqaro bilan koʻrishganlar tekshiruvdan oʻtishlari kerak», — deyiladi xabarda.
Izohlar