Toshkentda 27 yashar yigit totalizator sabab oʻzini osib oʻldirgani haqidagi xabarga izoh berildi

Joriy yilning 2-dekabr kuni yana bir yigit totalizator sabab oʻz joniga qasd qilgani haqida habar bergan edik. Ushbu holat yuzasidan bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov rasmiy maʼlumot berdi.

Unga koʻra, Qoraqalpogʻistonning Amudaryo tumanida tugʻilgan yigit SH.Q.ning murdasi 2021 yil 24 avgust kuni soat taxminan 07:15 larda Yunusobod tumani, «Hasanboy» MFYdagi uylarning birida haqiqatan ham daraxtga osilgan holda topilgan. Ammo u tarqalgan xabarda aytilganidek, 27 yosh emas, 21 yosh boʻlgan. Yigit qimor oʻyinlariga qiziqmagan, biron bir shaxsdan qarzi boʻlmagan, uning oʻlimiga qimor oʻyini sabab boʻlmagan.

Tergovga qadar tekshirish davomida aniqlanishicha, SH.Q. Toshkentga 23 avgust kuni ikki oʻrtogʻi bilan ish qidirib kelgan, ammo taklif qilingan ish unga yoqmagan va shu kuni «Hasanboy» MFYda turadigan qarindoshining uyida tunab qolgan.

Marhumning yaqin qarindoshlari soʻziga koʻra, u oʻlimidan toʻrt kun oldin Qoraqalpogʻistonda yashovchi ota-onasining oldiga Toshkent Axborot texnologiyalar universitetiga oʻqishga kirgani sababli borgan, biroq otasi uning oʻqishiga qarshi boʻlib, undan mehnat qilib pul topishni talab qilgan. Shu sabab ota-onasi oʻrtasida oʻzaro janjal chiqqan. Otasi unga mehnat qilib pul topmasa undan voz kechib yuborishini aytgani tufayli yigit tushkunlikka tushib, Toshkentga qaytib kelgan.

Sud tibbiyot ekspertizasining 24 avgustdagi xulosasiga koʻra, SH.Q.ning oʻlimi boʻyin aʼzolarining sirtmoq bilan siqilishidan kelib chiqqan mexanik asfiksiya, oʻtkir nafas, yurak, qon-tomir yetishmovchiligi, bosh miya va oʻpka shishi, ichki aʼzolar toʻlaqonligi fonida taloqning kamqonligi oqibatida yuzaga kelgani, qonidan 1,3 promilli etil spirti topilgani aniqlangan.

Holat yuzasidan Yunusobod tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari oʻtkazilib, yakuniga koʻra, 30 avgust kuni Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.