ZARARLANGAN KARTOSHKALAR, XAVF SOLAYOTGAN YANGI ZARARKUNANDA


Kartoshka – xalqimiz uchun ikkinchi nondek. Aksariyat taomlarimiz kartoshkasiz boʻlmaydi, shuning uchun ham u har bir roʻzgʻorda eng zarur oziq-ovqatlar sirasiga kiradi. Bozorda esa kartoshka qancha koʻp boʻlmasin, unga talab doim yuqori. Agar oz muddat bozorda kartoshka tortilib qolsa, aholi oʻrtasida qanday ajiotajlar boʻlishini yaxshi bilamiz.

Zararlangan kartoshkalar, xavf solayotgan yangi zararkunanda
Oziq-ovqat narxlari odamlar oʻrtasida eng koʻp muhokama qilinadigan va doim xavotirlarga sabab boʻladigan muhim masala. Chunki, ovqat inson uchun quvvat manbai, tiriklik va yashashning eng muhim omilidir. Pandemiya, iqlim, turli xil nizolar va boshqa sabablar ayni damda bir qancha davlatlarga katta zarar yetkazmoqda. Oqibatda esa oziq-ovqat taqchilligi yuzaga kelyapti. Uzoqqa borish shart emas, yonginamizdagi Afgʻonistonni olaylik. Shu yil qishning oʻzida ushbu mamlakatdagi 4 mln. dan oshiq goʻdak hayotiga ochlik xavf solib turibdi.

Yodingizda bordir, oʻtgan yilda yogʻ narxining keskin koʻtarilishi, goʻsht va goʻsht mahsulotlaridagi narxlarning kunda-kunora oʻsishi barchani tashvishga solib, oʻylantirib qoʻydi. Ijtimoiy tarmoqlarda noroziliklar ham avj olgandi. Joriy yilda esa baʼzida biz mensimaygina sotib oladigan sabzi bahosining keskin oshib ketishi ham odamlar oʻrtasida anchayin sarosima uygʻotdi. Narxlar asta-sekinlik bilan oʻssa unchalik ham sezilmaydi, ammo oʻn soʻmlik narsa birdaniga yuz soʻm boʻlib qolsa barchaning diqqati oʻshanga qaratilishi tabiiy.

Ayni kunlarda odamlar orasida yana narxlarning oshishi borasida hamda qurtlagan kartoshkalar sotilayotgani, bu yil kartoshkalar hosili ham yaxshi boʻlmagani haqida turli gap-soʻzlar tarqayotgani sir emas. Koʻpchilik buni iqlim sharoitlarining butkul oʻzgarib ketgani bilan ham bogʻlamoqda.

Toʻgʻri, yuqorida aytganimdek bizda har bir roʻzgʻorning kunlik ratsionida kartoshkaning oʻrni katta. Eng koʻp isteʼmol qilinadigan mahsulot kartoshka hisoblanadi. Goʻsht boʻlmasada, kartoshkadan turli xil taomlar tayyorlab kun kechiruvchi oilalar ham oramizda oz emas. Chunki bir kilogramm goʻsht oʻrniga 20 kilogramm kartoshka olsak, choʻntak ham koʻtaradi, roʻzgʻor yurib turadi. Xoʻsh, kartoshka borasida tarqalgan gap-soʻzlar qanchalik haqiqatga yaqin?

Nematodalar bilan zararlangan kartoshkalar

Oʻzbekiston oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi maʼlumotiga koʻra, ayni damda Eron va Pokistondan olib kirilayotgan kartoshkalarda oʻta xavfli zararli organizmlar – oltinrang va nimrang nematodalar bilan zararlanish holatlari tizimli ravishda aniqlanmoqda. Oʻzbekiston har yili Rossiya, Qozogʻiston, Pokiston, Eron va Qirgʻizistondan 400 ming tonnaga yaqin kartoshka import qiladi. 2021 yilning avgust oyidan bugungi kunga qadar mamlakatimiz hududiga 110 ming tonna kartoshka olib kirilgan boʻlib, shundan 104 ming tonna mahsulotga fitosanitar talablarga muvofiqligi toʻgʻrisidagi sertifikatlar berilgan.

Shu bilan birga, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan xavfli nematodalar aniqlangan kartoshka mahsulotining 3 525 tonnasi (3,2 foizi) tezkor ravishda eksport qilgan davlatga qaytarilgan. 775 tonna mahsulotni esa (0,7 foizi) tadbirkorlik subʼektlari tomonidan qaytarish imkoniyati yoʻqligi tufayli maxsus obʼektlarda yoʻq qilishga toʻgʻri kelgan. Pokistondan 160 tonna va Erondan 120 tonna import qilingan katta miqdordagi kartoshkalarda oltinrang kartoshka nematodasi (lot.Globodera rostochiensis) aniqlangan. Ushbu zararkunanda Oʻzbekistonda karantin obʼektlari roʻyxatiga kiritilgan.

Oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha xalqaro konvensiyaga binoan agentlik tomonidan Eron va Pokistonga Oʻzbekiston fitosanitariya talablarining buzilishi holatlari yuzasidan eʼtiroznomalar yuborilgan. Pokiston barcha kasallik aniqlangan yuklarning fitosanitar sertifikatlarini oʻrganib chiqib, ularning qalbakilashtirilganini aniqlagan.

Xususan, Pokistondan olib kelinayotgan kartoshkalar Afgʻoniston hududida qayta taqsimlanib, boshqa davlatlarda yetishtirilgan kartoshka bilan aralashtirilayotgani, mazkur kartoshka isteʼmol uchun emas, balki ozuqa-em sifatida foydalaniladigan kartoshka ekanligi haqida ham xabarlar mavjud.

Bizni qanday xavf kutmoqda?


Xalqaro ekspertlarning hisob-kitobiga koʻra, nematodalarning qishloq xoʻjaligi ekinlariga yillik zarari butun dunyo miqyosida 100 milliard dollardan oshgan. Oltinrang va nimrang nematodalar kartoshka va boshqa turdagi poliz ekinlari hosildorligini yoʻqqa chiqaradi. Asosiy zararlanuvchi qishloq xoʻjaligi ekini – kartoshka boʻlib, shuningdek pomidor va baqlajonga ham kam darajada miqdorda boʻlsa ham zarar keltirar ekan.

Nematodalarga qarshi kurashishda samarali kimyoviy vositalar shu kungacha ishlab chiqilmagan. Zararkunandalar tarqalgan hududlarda 30 yilgacha kartoshka va poliz ekinlarini yetishtirib boʻlmaydi.

Bundan tashqari, pomidor, baqlajon, bulgʻor qalampiri, kartoshka va boshqa mahsulotlarni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga eksport qilish bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelib, cheklovlar joriy etilishi mumkin. Agar bunday cheklovlar joriy etilsa, aynan shu sabzavotlarni chet davlatlarga eksport qiluvchi yurtdoshlarimizning biznesi kasodga uchrashi ehtimoli yuzaga keladi. Bu esa iqtisodiyotimizga salmoqli zarar yetkazadi.

Pokiston Oʻzbekistonga kartoshka yetkazib beruvchi asosiy mamlakatlardan biri va Eron ham 2021 yildan shular qatoriga kirgan. Ammo, agar Pokiston yoki Erondan kartoshka olib kirishga taqiq qoʻyilsa, ularning oʻrnini boshqa yirik yetkazib beruvchi mamlakatlar – Rossiya va Qozogʻiston bilan almashtirish qiyin boʻladi. Chunki, Rossiya va Qozogʻistonda ushbu mahsulot narxi tez surʼatlar bilan oʻsib bormoqda.

Bundan tashqari, Oʻzbekistonda yetishtirilgan sabzavotlarda nematodalar aniqlansa, bu yerdan sabzavot mahsulotlari, jumladan, issiqxona sabzavotlari (ayni paytda mamlakat ishlab chiqaruvchilariga koʻp million dollarlik daromad keltirayotgan)ni Rossiya va mintaqaning boshqa mamlakatlariga eksport qilish taqiqlanishi mumkin. Shu oʻrinda mamlakatimiz uchun bu jiddiy tahdidning oldini olish juda muhim hisoblanadi.

— Janub yurtlaridan kirib kelayotgan kartoshka mahsulotlarida turli xil zararkunanda hashorotlar chiqib qolib, keyinroq u zararkunandalar bizning mahalliy kartoshkaga taʼsir etish omili inobatga olinsa, oʻzbek tadbirkorlari asta-sekin chirindiga boy qora tuproqlarda yetishgan Polsha bozorlaridagi kartoshkaga qiziqib koʻrishlari mumkin, — deydi iqlimshunos Erkinjon Abdulahatov. — Polshada kartoshka hosilining yuqoriligi oktyabr oyida polyak bozorlarida mahsulot narxi tushib ketishiga sabab boʻldi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida kartoshka narxlari dinamikasining oʻsishi hisobiga, Sharqiy Yevropa mamlakatlarida eng arzon narxda sotilayotgan polyak bozorlaridan kartoshka importini amalga oshirish mumkin. Chunki, Polshada kartoshka narxlarida pasayish tendensiyasi kuzatilmoqda. Qolaversa, yuk tashish aylanmalarini amalga oshirishda Oʻzbekiston Polsha bilan yaxshi savdo aloqalariga egadir.

Shu oʻrinda zararlangan kartoshkalar borasida yana bir savol tugʻiladi, ular rostdan ham yoʻq qilindimi yoki yashirin yoʻllar bilan bozor rastalariga chiqib ketdimikan? Har qanday holat boʻlishi mumkin. Buning uchun xaridorlar avvalgidan-da eʼtiborliroq boʻlishi, xushyorlikni oshirishlari lozim.

Darvoqe, 2021 yilning 9 oyida Oʻzbekiston Eron kartoshkasi sotiladigan ikkinchi yirik bozorga aylandi. Shu vaqt ichida Eron Oʻzbekistonga 121,7 ming tonna kartoshka eksport qildi va bu koʻrsatkich mazkur yoʻnalishda yetkazib berish boʻyicha rekord hisoblanadi. Eron sabzavotlarining eng katta hajmi Afgʻonistonga yuborilgan – 125 ming tonnadan ziyod. Aytgancha, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, Rossiyaga Eron kartoshkasi Oʻzbekistonga yuborilgan kartoshka bilan teng miqdorda eksport qilingan.

Saida IBODINOVA