Logotip kerakmi: 100 ming dollarga chizdiramiz


Shu paytgacha biror tashkilot tanqidlarga uchrasa, darrov nomini oʻzgartirardi. Yangi Oʻzbekistonda nom oʻzgartirish eskirdi, shekilli, navbat logotiplarga keldi. Birinchilardan boʻlib partiyalar, endi banklar…

Kazemir Malevichning «Qora kvadrat»i haqida eshitgansiz.O’tgan asrning boshlarida oddiy to’rtburchak e’tiborni kuchaytirdi, deyarli yangi davrning manifesti deb nomlandi. San’atshunoslar hanuzgacha rasmning mashhurligi sirlarini va uning maxfiy ma’nolarini tushuntirishga harakat qiladilar, asarning o’ziga xosligi borgan sari ko’proq tasdiq topmoqdal. Uning eʼtiborli jihati qora kvadrat aslida qora rangda emas, rassom turli ranglar qorishmasi natijasida qora tusga erishgan. Agar ushbu rasm auksionga qoʻyilsa, 140 ming dollarga baholanishi aytilmoqda…

Nima uchun bular haqida gapirib qolding deyapsizmi? «Agrobank»ning yangi logotipini koʻrib, shular esimga tushib qoldi. Sanʼatni tushunmaydiganlar, 140 ming dollarga qoraga boʻyalgan kvadratni sotib olishni axmoqlik deb oʻylaydi. Shu qatori biz, dizaynga aqli yetmaydiganlar ham 100 ming dollarga toʻrtburchak ichidagi uchburchakni arzitmadik.

Mazkur logotipni rossiyalik mashhur dizayner Artemiy Lebedev chizib beribdi. Bu nimani anglatadi, bu logotip nima beradi, shuncha pul sarflashga arziydimi deb kimdir oʻylaganiga shubham bor.Momolarimiz qizlariga sep qilganda yostiq boshiga aynan shu logotip shaklda quroq tikishardi, baxtli-taxtli boʻlsin deb. Lebedev ham bundan xabardor shekilli, «Agrobank»ka tole tilagan boʻlsa, yana bilmadik. Tanlov oʻtkazilib, yuz ming emas, ming dollar yutuq qoʻyilganida oʻzimizning dizaynerlar ham chizib berardi shu logotipni deb oʻylaganlar ham kam boʻlmasa kerak.

Oʻzi shu paytgacha turgan logotipni oʻzgartirishga nima sabab boʻldi? Rebrendingga bagʻishlangan tadbirga ham oz-muncha mablagʻ ketmagani aniq. Yangi logo bilam yangi ruh, yangi nafas kirib keldi deb aravani quruq olib qochishdi xolos. Bu pul yuvishning zamonaviy usuli, shekilli. Bobongdan qolgan merosmidiki, shuncha pulni havoga sovurasan deydigan odam yoʻq. Axir bank xususiy emas, davlat aksiyalariga ega bank boʻlsa, xalq mulkini bu tarzda sarflash qanchalik toʻgʻri?