Svetoforda qizilda oʻtib ketdim. Ataylab emas. Bir yuk tashuvchi katta avtomobil svetoforning oldiga toʻxtab olganligi uchun svetofor borligi koʻrinmayotgan edi va men svetoforni koʻrganimda toʻxtashga kech boʻlgan edi.
Qoidalarga qattiq amal qiladigan inson sifatida boʻlgan voqeadan juda asabim buzildi. Buning ustiga svetofor ustida kamera bor edi, suratga olgan boʻlsa jarima toʻlashimga va haydovchilik guvohnomaning bir necha ochkosidan ayrilishimga toʻgʻri keladi. Yuk tashuvchi avtomobil egasini xayolan rosa soʻkdim.
Uzoq yoʻlning yaxshi tomoni asabiylashishga ham, asablar qaytib joyiga tushishiga ham, voqea va muammolarni har taraflama qayta va qayta tahlil qilishga, xulosalar chiqarishga ham bemalol vaqtingiz boʻladi. Men ham boʻlib oʻtgan voqeani xolis tahlil qildim va ayrim xulosalar chiqardim…
…Qizilda oʻtib ketishimga faqat yuk tashuvchi avtomobil aybdormidi ? Javob-yoʻq. Birinchidan, men tomondagi svetofor koʻrinmay turgan boʻlsa, yoʻlning qarama-qarshi tomonidagi svetofor koʻrinib turgan edi. Sal diqqatliroq boʻlganimda uni koʻrgan boʻlardim. Ikkinchidan, agar shoshib haydamaganimda va toʻxtab turgan avtomobilni sekinroq quvib oʻtganimda balki qizilda toʻxtashga ulgurardim.
Bular oʻzimni oqlashga uringan bahonalarimga qarshi argumentlar edi.
Bahonalarim yoki sabablarimdan qatʼi nazar, men ushbu voqeani tahlil qilib, xulosalar chiqara olayotganim mening omadim, mening baxtim. Qizilda oʻtib ketgan ayrim insonlarning omadi, baxti chopmagan holatlari koʻp boʻlgan. Umuman yoʻl hodisalarida xatolar bir martalik yoki oxirgisi boʻlishi mumkinligi hech kimga sir emas. Undan keyin kim haq, kim nohaqligi, qanday qilsa toʻgʻri boʻlishini tahlil qilishning ahamiyati ham, imkoni ham yoʻq.
Shularni oʻylagach, «qizilda oʻtish»ni ham ortga qaytib boʻlmaydigan holat deb tasavvur qilib koʻrdim. Undan keyin tezlikni oshirish, mumkinmas joyda mashina haydash, yoʻl bermaslik va katta-yu-kichikligidan qatʼiy nazar barcha qoida buzilishlarni ortga qaytib boʻlmaydigan, keyin afsuslanishning, bahonalar izlashning hojati yoʻq hodisalar deb tasavvur qildim.
Va qoidalarni buzgim kelmay qoldi. Tasavvur qiling, qandayligidan qatʼi nazar har bir qoida yoki qonun buzilishi sizning yoki kimningdir oʻlimi bilan tugaydi. Xuddi yangi koreys seriali, «Kalmar oʻyini»da boʻlgani kabi. Birgina qoida buzilishi va siz oʻlasiz. Agar shunday boʻlganida, jamiyatda qoida buzilishlar boʻlarmidi? Menimcha, yoʻq…
Bularni oʻqigach,» amalda hech qachon bunday boʻlmaydi, har bir qonun va qoida buzilgani uchun odamlar oʻlavermaydi» deb oʻylash mumkin. Aslida esa siz, men va boshqalar qoidalarni buzganligimiz uchun siz tasavvur qilganingizdan-da koʻproq odamlar oʻladilar. Shunday qonun buzilishlari borki, ularning oqibatida bir emas muntazam ravishda minglab odamlar oʻladilar.
Masalan, Oʻzbekistondagi (dunyodagi istagan mamlakatni aytish mumkin, bizga tegishli boʻlgani uchun oʻz yurtimizni misol qilib keltiryapman) tibbiyot sohasini olaylik. Tibbiyotga ajratilayotgan pullarni oʻmarish, islohotlarni bajarmaslik, poraxoʻrlik, shifokorlarni xoʻrlash, kadrlar siyosati va hokazolar borasidagi muammolarning barchasi qonun va qoidalarning buzilishidir. Bu qonunlarni buzadiganlar har safar notoʻgʻri qaror chiqarganlarida, pullarni oʻmarganlarida, islohotlarni barbod qilganlarida minglagan insonlarni oʻldirib, millionlagan yurtdoshlarini sifatsiz tibbiy xizmat olishlariga va azoblanishilariga sababchi boʻladilar.
Taʼlim sohasi ham shunday. Soha masʼullari qonunlarni buzib, pullarni oʻmarganlarida va sohani vayron qilganlarida nafaqat hozirgi avlodni, balki kelgusi avlodlarning ham qotillariga aylanadilar.
Yoʻllarning ahvoli, gaz va svet muammolari, monopoliya, iqtisodiy-ijtimoiy-ekologik muammolar borasida qonunlarni buzuvchilar ham oʻzlarining millionlagan vatandoshlarini chet ellarda va Oʻzbekistonda yostiqlarini quritadilar.
Bularning oldida, bir marta qizilda oʻtib ketish oddiy, hech narsa boʻlmay qoladi. Zero qizilda oʻtgan odam eng ogʻir avariya yuz bergan holatda ham koʻp boʻlsa bir necha odamni oʻldiradi va/yoki oʻzi oʻladi, ammo kundalik hayotda qonun va qoidalarni buzadiganlar har kuni minglab odamlarni oʻldiradilar va majruh qiladilar.
Toʻgʻrirogʻi, barchamiz minglab odamlarni oʻldiramiz. Oddiygina navbatga turmaganimizda, pora berganimizda, mansabni sotib olganimizda, xodimlarning maoshlaridan urib qolganimizda, daraxtlarni kesganimizda, svetoforda sariq yonmasdan signal chalganimizda jamiyatni botqoqqa botiramiz va hozirgi hamda kelajak avlod vakillarini qiyratamiz.
Qonun va qoidalarni bilmasdan hamda bildirmasdan buzganimizda bizga hech narsa boʻlmayotganday tuyulishi mumkin. Ammo oʻsha momentda hech kim oʻlmasa ham, bizni hech kim ushlamasa va qamamasa ham biz qonun buzilishini banallashtirish, oddiy normalarga aylantirish orqali jamiyatning taqdiriga bolta uramiz va kelajak avlodlarga hayot uchun xavfli jamiyatni qoldiramiz.
Dinlarda «Podsholar oʻlgandan keyin faqat oʻzlari uchun emas butun davlati taqdiri uchun javob beradi» deb aytiladi. Bu qandaydir maʼjoziy yoki balandparvoz soʻzlar emas. Rostdan ham podsho (prezident, qirol, xon, shoh, premer ministr, umuman rahbar) har bir chiqargan qarori, har bir gapirgan gapi, tashabbusi, qilgan yoki qilmagan ishida oʻzining millionlagan yurtdoshlarini yo oʻldiradi yo qutqaradi. Vazirlar, hokimlar, sudya va prokurorlar va boshqa barcha mulozimlar ham shunday. Oʻzlarining imzolari, qoʻllari va soʻzlarining kuchi oʻtadigan hududlardagi har bir fuqaroning taqdiri, farovonligi yoki qaygʻulari, hayoti yoki oʻlimigacha javobgar hisoblanadilar.
Biz qachonki, qonun va qoidalarning katta va kichigini xuddi orqaga qaytib boʻlmaydigan deb qarashni oʻrgansak, qonun va qoidani buzganimizda bahonalar izlashning oʻrniga oʻzimizni, qilmishimizni tanqid qilishga va tezda toʻgʻri yoʻlga tushib olishga kuch topa olsakgina jamiyatimizda illatlar quriydi, davlatimiz rivojlanadi, hayotimiz farovonlashadi, oʻlimlar soni kamayib, baxtlilar soni ortadi.
Bu soʻzlar har birimizga, jumladan mening oʻzimga, hammadan avval esa davlat tepasidagilarga, masʼul va mulozimlarga koʻproq tegishlidir.