Sud hukmisiz 11 yil «kesilgan» bolalar

Bu bolalar semizlik, ermak yoki arzimagan chaqa ishlash uchun kuniga oʻn klometrlab piyoda yurmaydi, ular har kun boshqalarning bolalari qatori maktabga borish uchun shunday «ulugʻ yoʻlga» mahkum etilgan. Shunday hayotga sud hukmisiz 11 yil «kesilgan».

Ular bilan maktabgacha yursangiz yoʻlingiz handaklar, dalalar, paxtazorlar, tutzorlar aro kechadi. Bolalarning bir kunlik maktabga borib-kelishini bemalol hujjatli film qilish mumkin. Ayniqsa, maktabga borib toliqqanidan mudrashlarini… Baribir koʻzlarida yolqin va ertangi kunga, hayotga boʻlgan umid bor, bu meni taʼqib qildi.

Ular koʻp narsa soʻramaydi, soʻray olmaydi ham, buni eshituvchi ham yoʻq. Oʻquvchilarning oʻz davlatidan yagona, eng birlamchi haqqi – MAKTAB, uni qizgʻonmang!

Ular (Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumani, Boyboʻri qishlogʻi) oʻzlarining maktabi yoʻqligidan koʻpdan beri aziyat chekadi, boshqa qishloqlarga (Gʻishtli, Toʻqboy) qatnaydi. Men ularga qoʻshni shu qishloqlarning biridan tugʻilganman va ularni yaxshi bilaman. 80-90 yildan beri shu ahvol yangilanadi, bolalarning oʻqishga kirishi va intilishi shu yoʻllarda yoʻq boʻlib ketmoqda, koʻrsatgich qoʻshni qishloqlarga nisbatan juda past. Mustaqillikning ilk yillarida maktab qurish boshlangan, ammo oxiriga yetmagan, yer ham, ochiq qolgan gʻishtlar ham bolalar kelajagi kabi sotilgan, maktab ekin maydonga aylangan. Bolalar oʻqishi kerak boʻlgan joylarda bugun paxta ekilmoqda.

Qaytaraman, bu odamlar davlatdan oʻz huquqlarini, yaʼni Davlat oʻz bolalari uchun qilishi kerak boʻlgan eng muhim ishni, yaʼni Maktabni kutish bilan qarimoqda. Qator idoralarga qilingan murojaatlar natijasiz qolmoqda! Bolalarning umidlarini soʻndirmang. Oʻgʻri boʻling, Qonunlarni soting, tanish-bilishlarni mansabga qoʻying, amma-kelin qiling, togʻa-jiyan qiling, ammo insof bilan boʻling, hech boʻlmasa shu bolalarning Maktab haqqini bering, kelajagini oʻgʻirlamang, ularga shoular emas, bugun va kelajakni oʻzgartirish uchun maktablar kerak!

(Bu maktab va bolalar haqida koʻp narsa bilishni, yortishni istagan jurnalistlar uchun shu qishloq faolining raqamini beriladi)

Javlon Joyliyev

Tahririyatimiz ushbu masala boʻyicha Qamashi tumani XTB, Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda qator tegishli tashkilotlar tomonidan alohida izoh kutib qoladi.