Surxondaryoda yarim trln soʻmlik mega loyiha Sanginovning oʻgʻliga topshirildi

Surxondaryo viloyatida aholining ichimlik suvi taʼminotini yaxshilashga qaratilgan 527 milliard 428 million soʻmlik mega loyiha «Toʻpalang HPD Platinum»ga berildi. Bu haqda Telegramʼdagi «davletovuz» kanalida maʼlum qilindi.

Qayd etilishicha, 2021 yilning oʻzida bosh pudratchi bilan 527 milliard 428 million soʻmlik shartnoma imzolangani aytilgan. Bundan 3,4 milliard soʻmi Rossiyadan poʻlat truba quvurlar keltirishga yoʻnaltiriladi. Loyihani 2023 yilda yakunlash koʻzda tutilgan boʻlib, hukumat qarori bilan «Toʻpalang HPD Platinum» bosh pudratchi sifatida tendersiz tanlab olingan.

Taʼkidlanishicha, bosh pudratchining yagona taʼsischisi «Toʻpalang HPD Holding» MCHJ hisoblanadi. Mazkur xolding ulushining 61,70 foizi Abdurahmonov Islom Abdugʻaniyevichga tegishli. Maʼlumotlarga koʻra, u  «Oʻzbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi, senator Abdugʻani Abdurahmonovichning oʻgʻli hisoblanadi.

Shuningdek, 138 million dollarlik loyihaning texnik-iqtisodiy asoslantirilishi «Gidroproyekt» AJ tomonidan ishlab chiqilgani maʼlum qilingan. Tashkilotning 71,86 foiz ovoz beruvchi aksiyalariga «Oʻzbekgidroenergo» AJ egalik qiladi.

Avvalroq Abdugʻani Sanginov 799,6 mln. dollarga teng investitsiyani oʻzlashtirilishi rejalashtirilgan Pskem GESini qurish ishlariga boshchiliq qilayotgani haqida maʼlum qilgan edik.