«Hurmatli fuqaro, sizni qamamoqchi edik. Marhamat qilib, ikkita rasm va mahalladan spravka olib keling»

«Hamma bugun 14:30 gacha 2021-yil yanvar-noyabr oyigacha bittadan korrupsiyaning oldini olish, suitsit, erta tugʻruq, jinoyatchiliklarning oldini olish boʻyicha yigʻilish bayonnomasi yozib kelsin. Kimdir yanvarga, kimdir martga, farqi yoʻq. Bayonnomaga profilaktik inspektor oʻrniga Viloyat prokurorining yordamchisi Xurshid Musurmonov va viloyat prokurorining yordamchisi Mukarram Xamrayevni ishtirok etdi deb qoʻyib bersin. Sizlardan iltimos, 15:30 gacha yetkazing. Viloyat prokuraturasi 15:00 gacha yetkazing dedi. Eskisini oʻgirasiz, faqat ishtirokchining familiyasi oʻzgaradi. 5 daqiqa ham ketmaydi»

Bu xabarni oʻqib «haaa, 5 yil oldingi Oʻzbekistonda boʻlgan voqealarmi?» deyishga shoshilmang. Diqqat qiling: biz Yangi Oʻzbekistondan gapirayapmiz.

Biror qaror qabul qilinsa, qarorining ijrosini taʼminlash yuzasidan vazirlikning buyrugʻi va ichki nazorat-rejasi ishlab chiqiladi.Falon boshqarma rahbari buyruq loyihasini tayyorlaydi va buyruq bilan chora-tadbirni ishlab chiquvchi masʼul shaxsni belgilaydi. Bu shaxs uch-toʻrt kunda hukumat uchun “biznes-reja” tuzib beradi.

Tuzilgan chora-tadbirlar taxminan quyidagicha boʻladi:
1) Xorijiy tajribani aniqlash.
2) Investorni jalb qilish.
3) Mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish.
4)Har oyning beshinchi sanasigacha qilinayotgan ishlar haqida xisobot kiritib borish.

Soʻng, ushbu yoʻl xaritasini vazirliklarga kelishish uchun yuboradi. Xorijiy tajribani oʻrganish uchun xizmat safariga borib aylanib kelinadi, xisobot yoziladi.Investitsiya vazirligi investor topadi, uchrashadi, kelishadi, xokimlik va investor oʻrtasida memorandum imzolanadi.Qarabsizki, hamma millionta qogʻozbozlik ishlaridan keyin oʻz vazifalarini bajarib boʻlgan, lekin qaror haliyam amalga tadbiq qilinmagan. Oʻrtada faqat qogʻoz aylanib, oʻsha qogʻoz, buyruq, chora-tadbirlar rejasi,hisobot, memorandum va hokazolarni yozdirish uchun davlat xizmatchilarining umumiy falon ming soati sarflangan. Ish qizgʻin, hamma xisobot, chora-tadbir, reja, buyruqlar yozish bilan ovvora…

Toʻgʻri, oʻtgan yillar davomida byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish uchun bir necha qarorlar qabul qilindi. Jumladan, byurokratik toʻsiqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Prezident qarori qabul qilindi. Unga koʻra 2021 yildan boshlab davlat idoralarida har qanday hujjat almashinuvi elektron shaklga oʻtkazilib, 2020-yil 1-martgacha barcha davlat xizmatchilari va rahbarlar elektron imzo bilan taʼminlanishi kerak edi.

Bu qaror ayrim yoʻnalishlarda joriy etildi va oʻzini oqladi. Xususan, «Av-ijro», «E-xat», «Notarius» kabi elektron dasturlar orqali byurokratiya jarayonlari ancha qisqarganini koʻrishimiz mumkin.

Yoki birgina Adliya vazirligi misolida litsenziyalar va ruxsat beruvchi hujjatlarni maxsus qogʻoz blankalarda rasmiylashtirishdan voz kechib, elektron shaklda berishga oʻtilishning oʻzidayoq 1,5 million dollardan ortiq mablagʻni, shuningdek, 3,5 mln varoq qogʻoz tejalganini koʻrish mumkun. Bundan tashqari Adliya vazirligi raqamlashtirish hisobiga oʻtgan yili 100 tonna qogʻozni tejab qoldi!»

Lekin… Yuqoridagi kabi holatlar ham tez-tez uchrab turibdi.Bozor iqtisodiyotiga asoslangan jamiyatda yashar ekanmiz, real holatdan kelib chiqib, aytish mumkinki, “byurokratiya”ni qonunlarga taʼsiri, “qoliplashish” hamda qonun ijodkorligidagi keragidan ortiq qoʻrquv va ikkilanish nafaqat iqtisodiyotimizga balki barcha islohotlarimizga ham kishan kabi taʼsir oʻtkazadi.

Qaysi sohaga nazar solmaylik, ortiqcha qogʻozbozlik, uning ortidan kelayotgan poraxoʻrlik, asosiy ishdan chalgʻib, vaqtni yozuv-chizuvlarga sarflash koʻzga tashlanadi.

Shuningdek, rasmiy yigʻinlar, AOKA anjumanlari, press turlarda oldindan press relizlar tayyorlanadi. Toʻgʻri, kamdan kam hollarda bu yozuvlar uchrashuvdagi holatda oʻz isbotini topadi. Aksariyat hollarda esa «qoʻllaringizdagi qog’ozda batafsil yozilgan», deb rasmiylar qutilib ketadi. Qogʻozlarda esa doimiy shablon gaplar, osmonimiz musaffo…
Oʻzbekistonda odam savdosi kamayayotgan bir paytda chaqaloq savdosi koʻpayib bormoqda. Nega? Chunki qonuniy yoʻl bilan farzand asrab olish juda qiyin, yugur-yugur, chigalliklardan odamning boshi aylanib ketadi.

Bola asrab olmoqchi boʻlgan oilalar, birinchi navbatda, vasiylik va homiylik organlariga murojaat qiladi. Ushbu organ bolani tarbiyalashga olayotgan oilani belgilangan muddatlarda oʻrganib chiqib, xulosa beradi. Yakuniy xulosaga kelish jarayonida boʻlajak ota-ona tibbiy koʻrikdan oʻtadi. Tibbiy koʻrikdan oʻtish jarayonlari qancha vaqt va qancha xarajat talab qiladi – buni yaxshi bilasiz!

Bu bosqichlar oʻz yakuniga yetgach, asosiy ishlar boshlanadi. Fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo sudlarga farzandlikka olayotgan shaxslar ariza bilan murojaat qiladi.Ana shu bosqichlardan oʻtilganidan soʻng farzandlikka olish haqidagi sudning hal qiluv qarori eʼlon qilinadi. Sud hukmi ijobiy belgilangan taqdirda 10 kunlik muddat ichida yangi ota-onalar oʻz yashash hududidagi FHDYO boʻlimlariga murojaat qilib, bolaga yangi guvohnoma oladi.

Shifoxonaga borsak, qabulga kirish uchun bemorlar baʼzan soatlab navbat kutishiga toʻgʻri kelayotgani, bunga esa ortiqcha qogʻozbozlik ham sabab boʻlayotganini maʼlum. Chunki tibbiyot muassasalari shifokor va hamshiralari 26 turdagi jurnallar, 33 turdagi hisobot shakllari hamda bemorlarga beriladigan oʻnlab turdagi blankalarni toʻldirishga majbur(soʻrovnoma oʻtkazilganda 13 %gina shifokor qogʻozbozlik kamayganini aytgan,xolos) Shifokor har bir bemorga oʻrtacha 15 daqiqa vaqt ajratishi kerak. Biroq amalda shundan maʼlum qismi hujjat toʻldirishga sarflanadi.

Taʼlimda ham eng katta muammolardan biri qogʻozbozlikdir. Oʻqituvchi oxirgi yillarda oʻzining asosiy ishi qolib ketib, umrini qogʻoz toʻldirish bilan oʻtkazadi. Oʻqituvchi faqatgina jurnal toʻldiradi xolos desangiz chuchvarani xom sanabsiz. Tepadan buyruq kelgani uchungina hisobot uchun majlisi, tadbirlar «oʻtkazilib», suratlarga muhrlanishi, dars tahlili, konspekt, ish rejalari…

Gruziya bosh vaziri maslahatchisi Bato Lejava «Shunday aksioma bor — byurokratiya har doim oʻziga ish topadi. Stol qoʻyib, byurokratni oʻtirgʻizib qoʻysangiz va unga qilishga hech narsa bermasangiz ham, u baribir oʻziga biror nima oʻylab topadi. Va uch yildan keyin usiz hamma narsa vayron boʻlishi va halokatga olib kelishini aytib turadi», degan edi oʻz nutqlaridan birida. Agar byurokratlarni stollaridan tezroq agʻdarmasak, shu darajagacha ham boramiz:
«Hurmatli fuqaro, sizni qamamoqchi edik. Marhamat qilib, ikkita rasm va mahalladan spravka olib keling»

Shaxruza Sattorova