Ekologiya mas’ullari «Qizil kitob»ga kiritiolgan hayvonlarni ko’ngildagidek qo’riqlayapdimi?

Ekologiya qo‘mitasi joriy yilning 12 dekabr sanasi taxminan soat 14:00 larda Taxtako‘pir tumani Qo‘ng‘irotko‘l ovul fuqarolar yig‘ini atrofidagi cho‘l hududida davlat raqamisiz “UAZ 469” avtomashinasida turgan nomaʼlum shaxslar inspektorlarning yaqinlashayotganligini ko‘rib qolib, voqea joyidan qochishgani haqida xabar berdi.

Bu xabar tezlik bilan ommaviy axborot vositalari hamda axborot portallarida yozildi.
Xabarda, inspektorlar taxminan 5 km masofagacha ularning izidan borgani, lekin ushlash imkoni bo‘lmagani haqida aytib o‘tilgan. Kulguli holat emasmi? Nahotki qizil kitobga kiritilgan hayvonlar yashaydigan hudud kuchli nazorat ostida bo‘lmasa? Brokonyerlar bu hududga qaysi vaqtda kelib olishgan-u, qanday qilib hayvonlarni ovlagan?

« Voqea joyi ko‘zdan kechirilganda otilgan patron gilzasi, idish-tovoq, xo‘jalik buyumlari bo‘lgan pichoq, bolta, yoqilg‘i, kiyim-boshlar hamda “Qizil kitob”ga kiritilgan 14 dona jayron, 5 dona yovvoyi quyon tashlab ketilganligi maʼlum bo‘ldi»,— deya qo‘shimcha qilingan xabarda.

Shu o‘rinda yana savollarimiz paydo bo‘ladi. Nahotki o‘q ovozi ekologiya xodimlariga eshitilmagan bo‘lsa, yoki jinoyatchilar ovoz o‘chirish vositasi orqali eng so‘nggi rusumdagi qurollar bilan ov qilishganmi?

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Xayot Shamsutdinov bergan maʼlumotlarga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda brakonyerlar 14 bosh jayron va 5 dona yovvoyi quyonlarni ovlaganligi holati yuzasidan o‘tkazilgan tekshirishda O‘zbekiston Respublikasi hayvonot dunyosiga 190 mln. 350 ming so‘mlik juda ko‘p miqdordagi moddiy zarar yetkazilganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan to‘rt nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 202-moddasi 3-qismi “ye” va “j” bandlari (Hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mayli, zarar miqdori aniqlanibdi, jayron va yovvoyi quyonlar taqdiri nima bo‘ldi? Shu bahonada Ekologiya qo‘mitasining o‘zi bu hayvonlarning go‘shtlarini tansiq taom sifatida «oliy tabaqali» kishilarga pullab yubormadimikan?


Bizni bir narsa hayratga soladi. Doim brokonyerlarni jonsiz hayvonlar bilan tutishadi. Biroq o‘zlariga qarshi axborotlar chiqishi bilan har qanday holatga rasmiy bayonot berishni qoyillatishadi. Yuqoridagi holatda esa ovchilarning qochib ketgani haqidagi maʼlumot juda ishonchsiz. Hammaning qo‘lida telefon degan matoh bor davrda nega ushbu holatni tasdiqlash uchun videotasvirga olib qo‘yishmagani ham ajablanarli holatlardan biri.

Eslatib o‘tamiz, may oyida «Qizil kitob»dagi qo‘ng‘ir ayiq Ekologiya qo‘mitasi raisining ruxsati bilan Toshkent viloyatida rossiyalik ovchi tomonidan otib o‘ldirilgan, bu jamoatchilik eʼtirozlariga sabab bo‘lgandi. Ayrimlar Ekologiya qo‘mitasi raisining isteʼfosini talab qilgandi.

Keyinchalik maʼlum bo‘lishicha, Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Alisher Maksudovning imzosi bilan O‘zbekiston «Qizil kitobi»ga kiritilgan 2 ta Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘ini otish uchun Rossiya fuqarosi Shirokov E.P.ga 2021 yil 3 mart kuni №400030-son ruxsatnoma berilgan ekan.
Mazkur ruxsatnoma ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha Bo‘stonliq tuman inspeksiyasida №4-son bilan 2021 yil 31 mart kuni ro‘yxatga olingan.
Oradan uch oyga yaqin vaqt o‘tgach, Shavkat Mirziyoyev raisligida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Alisher Maqsudov lavozimidan ozod etildi. Biroq ushbu selektorda Ekologiya qo‘mitasi rahbari tomonidan taqdim etilgan letsenziya haqida gap ham bo‘lmagan. Qolaversa letsenziya berish uchun olingan pullar miqdori va bu so‘mma qayerga to‘langani haqida hech qanday maʼlumot taqdim etilmagandi.
Maʼlumot o‘rnida 2019-2020 yilgi ov mavsumida ruxsat berilgan kvotadan tashqari jami 13 ming (quyon, g‘oz, o‘rdak va boshqa) boshdan ortiq yovvoyi hayvonlarning noqonuniy ovlanishiga imkoniyat yaratilganligi aniqlangan.