Bugun Qoʻshrabotliklar davrasiga borib qolsangiz, aylanib-aylanib mayizdan gap ochishadi. Bu yil hosilning moʻl boʻlgani, lekin tayyorlangan mayiz bozorda sotilmayotganidan nolishadi. Sobiq Shoʻrolar zamonida tayyorlov idoralari boʻlardi. Ular hovlima hovli yurib eng past navli mayizni ham odamlarni rozi qilib olib ketishardi. Yana buyogʻiga «xaridor boʻlmasa, nima ham qilardik?» deb «ux» tortib ham qoʻyishadi. Erondan yoki Xitoydan kelayotgan xaridorni bozorga kim kiritmayapti, bu soha ham mabodo monopoliya qilib olinmaganmi, bojxona-sojxona deganday?!
Qolaversa, «sizga bozor izlashga, dunyo bozoriga mahsulot olib chiqishga kim yoʻl bermayapti?» desangiz rangi gezarib, «qoʻye-ey, meni siyosatga aralashtirma!» deya qochib qolishadi.
Bu siyosat tagida bugun sening, oilangning, bolalaringning taqdiri yotibdi. Sen mendan emas, oʻzingdan, bolalaring taqdiridan, muammolar yechimidan qochayapsan, birodar!
Bilaman, hozir men senga Amerikaning World Justice Project tashkiloti: Oʻzbekistonda mulk daxlsiz emasligi boʻyicha, 139 davlat ichida, 138 oʻrinni beribdi desam, sen qovogʻingni uyub: «Amerika bizni koʻrolmaydi» deb javob berasan. ~ Xoʻsh, grinkart bilan AQShga ketgan oʻgʻling u yerdan dollarlar joʻnatayotganda, kelining telefon soʻzlashuvlarida bu yerda hayot jannat ekanligini, inson uchun, uning baxtu saodati uchun barcha narsalar muhayyo ekanini aytganida, nega miq etmaysan?
Mening qarindoshlarim yuz yillardan beri uzumchilik bilan shugʻullanishadi. Xuddi bahorgi yomgʻirni intiq boʻlib kutgani kabi, bozorda mayizga xaridorni ham shunday intizor boʻlib kutishadi. Lekin oʻzlari dunyo bozorini oʻrganishni, mayizni qadoqlashni va shartnomalar tuzib dunyo bozoriga uni yetkazib berish haqida oʻylab ham koʻrishmaydi.
Menga bir narsa alam qiladi: Rossiyada, Istanbulda arava sudrab yurgan ham mening oʻzbeklarim. Bironta ozariy bu ishni qilmaydi. Ular sipo va serdaromad ishni, savdo bilan shugʻullanishni xush koʻrishadi.
Bugun Qoʻshrabotni boshqa ogʻriqli muammolar ham borgan sari qiyin ahvolga solib qoʻymoqda. Zarmitan oltin zavodi va undan chiqqan zaharli suvning ochiq havzaga tashlanishi, nafaqat hayvonot olamini, balki atrof jonibdagi odamlar sogʻligiga ham jiddiy zarar yetkazmoqda. Bu oʻtkir muammo allaqachon mutasaddilar oldiga kechiktirib boʻlmas vazifa qilib qoʻyilishi kerak edi. Taassufki, eʼtiborsizligimiz, jinoyatkorona loqaydligimiz, yosh avlod oldidagi masʼuliyatsizligimizni yuzaga chiqarmoqda.
Biz siyosat ichida yashaymiz. Sizning mayizingizga xaridor kelmayotgani, sassiq havodan nafas olayotganingiz ham siyosat! Jasoratli xalq oʻz taqdirini birovning qoʻliga topshirib qoʻymaydi. Siyosatdan qochish emas, muammolarni hal qilish yoʻllarini, yechimini izlaydi. Buning uchun mamlakat konstitutsiyasiga, mavjud qonunlarga tayanadi. Qonun oldida esa hamma teng. Xoʻsh, buning nimasi gunoh?
Umid Soriyev