Jurnalist voqeani haqqoniy holda va betaraflik tamoyili asosida yoritishi lozim. Har kimning ham aytganlari haqiqat bo‘lavermasligi unutmaslik kerak. Asl jurnalist hech vaqt bitta manbaga tayanib maqola yoki xabar yozmaydi. Manba kamida ikkita bo‘lishi zarur.
Da’vo va dalil, shaxsiy nuqtai nazaru fikr bir-biridan tubdan farq qiladi. Da’vo dalil bo‘la olmaydi. “Insayderlarning ma’lumotiga qaraganda faloncha ana shuncha miqdorda pora oldi” deb da’vo qilishdan avval manbadan aniq dalil keltirishini talab qilish odat tusiga kirishi lozim. Chunki dalilsiz da’vo bu kimgadir qilingan bo‘htondir. Buning uchun esa jazo muqarrar.
Aksariyat jurnalistlarimiz sohaning yuqorida keltirilgan qoidalarini va kasb etikasiga doir boshqa talablarni yaxshi bilishadi. Ammo jurnalistikaning oltin qoidalaridan bexabar, faqat shov-shuv orqasidan quvib, soxta obro‘ ortirish ilinjida bo‘lgan kasbdoshlar topiladi. Ayniqsa, bundaylar blogerlar orasida ko‘p uchraydi.
Insayderlarga tayanib, o‘rinsiz va asosi bo‘lmagan da’vo bilan chiqish blogerni jazodan saqlab qolmaydi. Ommaviy axborot vositasi yoki mas’ul shaxs chiqishida ko‘tarilgan fakt va raqamlarga tayangan holda biror bir kamchilik yoki korrupsion holat haqida so‘z yuritgan junalist yo bloger javobgarlikka tortilmaydi.
Albatta, manbani ko‘rsatmaslik mumkin. Ammo keltirilgan fakt va raqamlar asosli bo‘log‘i lozim. Aniq dalil ko‘rsatmasdan falonchi mas’ul falon lavozimga tayinlash uchun shuncha pul olarkan” degan da’vo bilan bloger o‘z mavqeidan kimningdir obro‘sini to‘kish yo‘lida foydalanmaslik lozim.
Kamchiliklar haqida tinmay gapirish, tanqidiy maqolalar yozish, poraxo‘rlik va mansab suiiste’moli haqida bong urish kerak va zarur. Busiz rivojlanish bo‘lmaydi. Ammo hammasi aniq dalilga asoslanishi lozim. Birovga, hatto biz o‘zimizcha eng yovuz va poraxo‘r deb bilgan shaxsga ham aniq dalilsiz da’vo bilan chiqishimiz bu tuhmat sifatida baholanadi.
Jurnalistika bo‘yicha bir qo‘llanmada ta’kidlanganidek, jurnalist har doim o‘ziga «Men adolatli bo‘layapmanmi?», «Samimiy bo‘layapmanmi?» degan savollarni berishi kerak.
Toshpo‘lat Rahmatullayev