Shavkat Miromonovich Qashqadaryodagi «Uzbekistan GTL» zavodiga tashrif buyurdi. Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad zavodning ochilish marosimida ishtirok etish boʻlgan.
Davlat rahbarining ushbu zavod ochilishiga alohida ahamiyat qaratishi bejiz emas: qachonlardir boʻm-boʻsh boʻlgan hududda bugun umumiy qiymati 3 mlrd. 420 ming AQSH dollariga teng loyiha toʻliq amaliy surʼatga koʻchgan.
Zavod yiliga 3,6 milliard metr kub tabiiy gazni qayta ishlab, 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilgʻisi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlash quvvatiga ega.
SH. Mirziyoyev zavod qurilishiga jiddiy munosabatda boʻlgan. Fikrimizni 2017 va 2018 yilgi qurilish jarayonlariga tashriflar ham isbotlaydi.
Bu safargi tashrifda Shavkat Miromonovich majmua boʻylab yurib, texnologik jarayon bilan tanishdi, boshqaruv markazida yosh mutaxassislar bilan suhbatlashdi. Ularning oylik maoshi, yaratilgan sharoitlar, ish jarayonidagi muammolar bor-yoʻqligi bilan qiziqdi.
Zavod ochilishiga bagʻishlangan tadbirda soʻzlagan nutqida Shavkat Mirziyoyev muhandislarni alohida eʼtirof etib, ularni kelajakning «oltin zahirasi» deya atadi.
Buning uchun barcha sharoitlar yaratilishi, avvalo, Qashqadaryoda yoshlarni kasb-hunarga oʻqitish yangicha yondashuv asosida tashkil etilishi taʼkidlandi.
Hududdagi barcha kasb-hunar markazlari Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi, Muborak gazni qayta ishlash va yangi GTL zavodlariga biriktiriladi.
— Ilk marta bu yerga kelganimda bu joylar dala edi. Mana, hozir biz qanday ulkan murakkab jarayonni amalga oshirdik! Bu ishlarning katta qismi — 80% ini oʻzimiznin qorakoʻzlarimiz amalga oshirdi. Men ishonaman, hali biz Qoraqalpogʻistonda, Buxoroda mana shunga oʻxshash klasterlarni yaratamiz, — dedi davlat rahbari.
Marosim doirasida yana bir korxona — Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatini 3 barobarga kengaytirish boʻyicha loyiha qurilishiga ham start berildi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryoga safari yakunlandi.