Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning davlat xizmatiga qabul qilinmaydi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisda deputatlar «Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida»gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda muhokama qildi.

Qonun loyihasi bilan davlat fuqarolik xizmatini tartibga solish va tegishli subʼektlarning vakolatlari, davlat fuqarolik xizmatchisining maqomi, odob-axloq qoidalari, uning huquqlari va majburiyatlari hamda javobgarligi belgilanmoqda.

Qonun loyihasida davlat fuqarolik xizmati tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat fuqarolik xizmatiga kirish, uni oʻtash va tugatishning yagona qoidalarini joriy etish koʻzda tutilgan.

Mazkur hujjatda shuningdek, birinchi marta davlat fuqarolik xizmatchilarining maqomi instituti joriy etilmoqda.

Shu bilan birga, loyihada davlat xizmatchilarining daromadi va mol-mulkini deklaratsiyalash, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinmasligi kabi normalar oʻz aksini topmoqda.

Majlisda qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi.