Jizzax viloyati hokimining sobiq oʻrinbosari 7 yilu 6 oyga qamaldi

Jizzaxdagi qurilish sohasi mashmashalari ortidan viloyat hokimining sobiq oʻrinbosari Akram Rahmonqulov va uning bir qator qarindoshlari hamda bir guruh shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan edi.

Toshkent viloyat sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudyasi S.Ashirmatov raisligida koʻrib chiqilgan jinoyat ishi natijasida sud quyidagicha hukm qildi:

Akram Rahmonkulov Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a”, “v” bandlari (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish), 184-moddasi 3-qismi (soliqlar yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlash), 189-moddasi 1-qismi (savdo yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini buzish), 205-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish), 207-moddasi 1-qismi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash), 209-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari (mansab soxtakorligi) va 243-moddasida (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor deb topilib, unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 7 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravari miqdorida yaʼni, 111 500 000 soʻm jarima jazosi tayinlandi.

Shuningdek, sud hukmi bilan Akbar Rahmonqulov (“J-Quruvchi” MCHJ direktori), Alisher Rahmonqulov (“Ravon Yoʻl Invest” MCHJ, “Sogdiana pipeplast” MCHJ va “Jizzax savdo lyuks” MCHJlar direktori), Abror Rahmonqulov (“Zenatkor Sayhan Kon Sanoat” MCHJ direktori), Adham Rahmonqulov (“Zenatkor temir beton buyumlari” MCHJ direktori) va yana 20 dan ortiq shaxslarga turli jazolar tayinlandi.