Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumanidagi hammomda 31 dekabr kuni gaz-havo chaqnashi sodir boʻldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Soat 17:00 da Qorayantoq qishlogʻida joylashgan hammomda gaz-havo aralashmasining chaqnashi yuzaga kelgan. Oqibatda hammom binosining tom qismi qulab tushgan.
Voqea joyiga viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining yongʻin-qutqaruv guruhi zudlik bilan yetib borib, qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borgan. Afsuski, ushbu hodisa oqibatida uch nafar fuqaro voqea joyida vafot etgan, toʻrt nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olib, tuman shifoxonasiga joylashtirilgan.
Shuningdek, hodisa joyiga FVB, IIB, SSB, Prokuratura va boshqa tegishli xizmat xodimlari yetib borgan. Mazkur holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.