Samarqandlik bloger Ruslan Xairnurov ijtimoiy tarmoqlar orqali viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Davronbek Jumaniyozovni pora olayotganda qoʻlga tushgan, degan mazmunda xabar tarqatgani uchun qamoqqa olingani aytilmoqda.
Xabarda aytilishicha, bloger Facebook ijtimoiy tarmogʻidagi qator guruhlarda «Glavvrach boʻlish uchun 80.000 AQSH dollari…» nomli sarlavha bilan post qoʻyib, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Davronbek Jumaniyazovni oʻta ogʻir jinoyat sodir etganlikda ayblagan.
«Mazkur holat boʻyicha Ruslan Xairnurov tuhmat qilganlikda ayblanib, Samarqand shahri boʻyicha IIO FMB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi «a, g» bandlari (ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat sodir etishda ayblab, gʻarazgoʻylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi IIB xabarida.